Endi sayyohlar joylashtirish vositalarida ko‘rsatilayotgan xizmatlarni onlayn baholashi mumkin

Endi sayyohlar joylashtirish vositalarida ko‘rsatilayotgan xizmatlarni onlayn baholashi mumkin

“Turizm xizmatlarini sertifikatlashtirish markazi” davlat unitar korxonasi (DUK) mehmonxona xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotlarga muvofiqlik sertifikatlarini berish bilan birga, ularda ko‘rsatilayotgan xizmatlarni inspeksiya nazoratini o‘tkazish orqali (birinchi marta sertifikat berilgandan keyin kamida 6 oy o‘tgandan so‘ng, qayta sertifikatlashtirilganda kamida 12 oydan so‘ng) doimiy baholab boradi.  Inpeksiya nazorati sertifikat olish vaqtida e’lon qilingan sharoitlarning dolzarbligini o‘rganishdan iborat, ya’ni misol uchun,  sertifikatlashtirish jarayonida taqdim qilingan bepul internet, axborot ko‘rsatkichlari, mebel’ va jihozlar 6 oy yoki 1 yildan keyin ham mavjud bo‘lishi va soz holda bo‘lishi kerak. Xorijiy va mahalliy sayyohlarga joylashtirish vositalari tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlarni o‘rganish, baholash va keyinchalik kamchiliklar aniqlangan taqdirda, ularni bartaraf etishda amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida “Turizm xizmatlarini sertifikatlashtirish markazi”  DUK tomonidan rejali inspeksiya nazoratidan tashqari yana qator ishlar olib borilmoqda. Jumladan, yaqin kunlarda boshlangan tadbirlardan biri bu savolnoma orqali sayyohlar fikrini olishdir. Buni amalga oshirish maqsadida Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi saytiga joylashtirish vositalarining umumiy holati, yaratilgan sharoitlari va ko‘rsatilayotgan xizmatlarni baholash bo‘yicha savolnoma joylashtirildi.  Sayyohlarga bu savolnoma haqida xabar berish va uni to‘ldirishlarini rag‘batlantirish maqsadida saytdagi savolnomagan havola ko‘rsatilgan QR-kodlar joylashtirilgan breloklar sayyohlarga taqdim qilindi. Savolnoma natijalari tahlil qilinib, aniqlangan kamchiliklar tizimlashtirilgan holda bartaraf etiladi.  Turli hududlarda mehmonxona xizmatidan foydalangan mahalliy sayyohlar ham uzbektourism.uz/ru/statisticsurvey havolasi orqali o‘zlari istiqomat qilgan mehmonxonalar bo‘yicha fikr bildirishi, sharoitlari va xizmatlarini baholashi mumkin. Ular shu orqali joylashtirish yurtimizda vositalarida ko‘rsatilayotgan xizmatlarni yanada yaxshilashga hissa qo‘shgan bo‘lishadi. Savolnoma to‘liq va xolisona to‘ldirilishi maqsadga muvofiq!