Yuqori turuvchi tashkilot

Yuqori turuvchi tashkilot. O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi.

O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi (keyinchalik Qo’mita) turizm sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirishni ta’minlovchi va faoliyati bo’yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisob beruvchi davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.

Qo’mita faoliyatda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oly Majlisi palatalari qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qaror, farmon va farmoyishlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi  qaror va farmoyishlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi to‘g‘risidagi Nizomga amal qiladi.

Qo’mita o’z vazifa va funksiyalarini amalga oshirishda davlat va xo’jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi.

Qo'mitaning vazifalari va funksiyalari

mamlakatning turizm salohiyatini tubdan oshirishga, turizmga iqtisodiyotning strategik sektori maqomini berishga, turizm sohasida yagona davlat siyosati o‘tkazilishiga yo‘naltirilgan turizmni rivojlantirishning yaxlit konsepsiyasi shakllantirilishi va amalga oshirilishini ta’minlash;

turizm xizmatlarining tashqi va ichki bozorlarida marketing tadqiqotlari olib borishga, tarixiy-madaniy merosni keng targ‘ib qilishga, O‘zbekiston Respublikasining turizm qiyofasini saqlab qolish va rivojlantirishga, milliy turizm mahsulotlari va brendlari xalqaro turizm bozorlariga kirib borishiga yo‘naltirilgan faol reklama-axborot siyosatini amalga oshirish;

ichki, kirish va chiqish turizmini kompleks rivojlantirishning milliy va hududiy dasturlari ishlab chiqilishini muvofiqlashtirish va ularning amalga oshirilishi monitoringi, turizm turlarining keng doirasini jadal rivojlantirish, xalqaro standartlarga muvofiq bo‘lgan turizm infratuzilmasini rivojlantirishga xorijiy investitsiyalarni, shuningdek xalqaro moliya institutlari va boshqa tashkilotlarning kreditlari va grantlarini jalb etish;

turizm faoliyati rivojlanishini muvofiqlashtirish, mintaqalarda yangi turizm yo‘nalishlari tashkil etilishini ta’minlash, ularni pasportlashtirish, turizm yo‘nalishlari va turizm ob’yektlari bo‘yicha yagona milliy reyestrlarni shakllantirish;

turizm xizmatlarini tashkil etishda, eng avvalo, turistlar joylashtiriladigan joylarda, ovqatlanish punktlarida, respublika hududi bo‘ylab harakatlanishda va turizm ob’yektlariga tashriflarni uyushtirishda turistlarning xavfsizligi va sog‘lig‘ini ta’minlashga yo‘naltirilgan turizm xizmatlari ko‘rsatish sifati va xavfsizligi standartlari ishlab chiqilishini muvofiqlashtirish, turizm sohasida xizmatlarni litsenziyalash va sertifikatlashtirish hamda litsenziyalanadigan va sertifikatlashtiriladigan turizm xizmatlarining belgilangan talablar va standartlarga muvofiqligi bo‘yicha inspeksiya nazoratini amalga oshirish;

turizm sohasini davlat tomonidan va bozor munosabatlari asosida tartibga solishni maqbullashtirish va turizm xizmatlari bozorida raqobatni rivojlantirish, turizmni rivojlantirishga qarshilik qilayotgan barcha g‘ov va to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan takliflar ishlab chiqish, turizm sohasida tadbirkorlik faolligi oshishiga har tomonlama ko‘maklashish, ushbu sohaga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini faol joriy etish;

turizm faoliyati sohasida birinchi navbatda BMTning Butunjahon turizm tashkiloti, turizm bo‘yicha nufuzli xalqaro va milliy tashkilotlar hamda turizm sohasida faoliyatni amalga oshiruvchi xorijiy kompaniyalar bilan xalqaro hamkorlikni kengaytirish, xalqaro va davlatlararo standartlar va normalarni turizm faoliyati va amaliyotiga joriy etish;

turizm faoliyati sub’yektlari xodimlarini muntazam ravishda qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni yuqori sifat darajasida tashkil etish, tarmoq turizm fanlarini rivojlantirishga ko‘maklashish.