Mehmonxona xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlar uchun yana bir qulaylik yaratildi

Mehmonxona xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlar uchun yana bir qulaylik yaratildi

So‘nggi yillarda turizm sohasini rivojlantirishga davlatimiz rahbari va hukumatimiz tomonidan katta e’tibor qaratilmoqda. Turizm sohasini iqtisodiyotning lokomotiviga aylantirish maqsad qilingan.   Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi “Turizm xizmatlarini sertifikatlashtirish markazi” davlat unitar korxonasi (DUK) ham soha rivojiga o‘z hissasini qo‘shish yo‘lida qator ishlarni amalga oshirmoqda. Sertifikatlashtirish jarayonini soddalashtirish, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish, sohadagi yangi davlat standartlarini ishlab chiqish, mavjudlarini takomillashtirish, axborot texnologiyalarini joriy qilish, tadbirkorlik sub’ektlari uchun xorijiy ekspertlar ishtirokida seminar va treninglar tashkil qilish shular jumlasidandir.   Amalga oshirilgan loyihalardan yana biri – mehmonxona xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotlarga yangi ishga kirgan, sohada tajribaga ega bo‘lmagan xodimlarning kasb malakasini shakllantirishga yo‘naltirilgan mobil ilova.   Mobil ilovada joylashtirish vositalari (masalan, mehmonxonalar)ga tashrif buyuruvchi sayyohlar bilan bevosita muloqotga kirishuvchi kasblar o‘rin olgan, bular – kutib olish va joylashtirish xizmati, xonalarni tozalash xizmati, kons’erj, shveysar, ofisiant, qo‘riqlash xizmati, barmen.   Yangi mobil ilova o‘zbek va rus tillarida, matn va audio shaklida, android platformasida ishlab chiqilgan. Foydalanuvchilar kasblari haqida  nafaqat o‘qib, balki tinglagan holda ham bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishlari mumkin.   Mazkur mobil ilovadan foydalanishni istaganlar uni “Turizm xizmatlarini sertifikatlashtirish markazi” DUK veb-saytidan (tourquality.uz) yuklab olishi mumkin. Ilova bo‘yicha fikr va mulohazalaringiz bo‘lsa, Markazning center_cert@mail.ru elektron manziliga yuborishingizni so‘raymiz!