O‘zbekiston Respublikasining “Turizm to‘g‘risida”gi qonunining 21-moddasiga muvofiq joylashtirish vositalari, tog‘ chang‘isi trassalari va plyajlar majburiy ravishda sertifikatlashtirilishi hamda o‘rnatilgan tartibda tasniflanishi lozim.
Plyaj xizmatlarini sertifikatlashtirish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 10-iyuldagi 433-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Turistik xizmatlarni sertifikatlashtirish va turistik industriya obyektlarini tasniflash tartibi to‘g‘risida”gi Nizom asosida O‘z DSt 13009:2021 “Turizm xizmatlari. Plyaj faoliyatiga doir talablar va tavsiyalar” davlat standartiga muvofiqligini baholash orqali amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasida plyaj xizmatlarini tashkil etish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 20-maydagi 164-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi akvatoriyalarida plyajlarni jihozlash va ulardan foydalanish, shuningdek fuqarolarning sog‘lig‘ini muhofaza qilish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
Nizomga ko‘ra plyaj va aholining suvda ommaviy dam olishi uchun ajratiladigan joylar quyidagi talablarga javob berishi kerak:
- sohil bo‘yi hududi rejalashtirilgan va obodonlashtirilgan bo‘lishi;
- akvatoriyaning chuqurligi 3 metrgacha, qirg’oqdan 50 metrgacha maydon dam oluvchilarning hayoti va sog‘lig‘i uchun xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan predmetlardan tozalangan bo‘lishi;
- plyaj akvatoriyasida past haroratli yer osti suvlari chiqmasligi, girdoblar bo’lmasligi, oqimning tezligi 0,5 m/sekunddan oshmasligi;
- port inshootlari, pirslar, prichallardan sanitariya-epidemiologiya xizmati organlari bilan kelishilgan masofada joylashgan bo‘lishi;
- plyaj sanoat va maishiy oqava suvlar chiqarib tashlanadigan joylardan uzoqda joylashtirilishi zarur.
Plyaj xizmatlarini sertifikatlashtirish Turizm qo‘mitasi huzuridagi “Turizm xizmatlarini sertifikatlash markazi” DUK (Markaz) tomonidan amalga oshiriladi.
Plyaj xizmatini tashkil etish istagida bo‘lgan tadbirkorlik subyektlari faoliyatni sertifikatlashtirish uchun Markazga murojaat qilishlarini so‘raymiz.