Navoiy viloyatining ajoyib maskanlaridan biri – Sarmishsoy darasi petroglif tasvirlari, o‘simlik va hayvonot dunyosining noyob turlari bilan mashhur tabiiy arxeologik yodgorlikdir. U Nurota tizmasining janubiy yon bagʻrida, Navoiy shahridan 30-40 km shimoli-sharqda joylashgan boʻlib, baʼzilarining yoshi 10 ming yildan ortiq boʻlgan sirli petrogliflari bilan koʻplab sayyohlarni oʻziga jalb qiladi. Hammasi boʻlib, turli davrlarga oid 3000 dan ortiq tasvirlar mavjud. Tadqiqot ma’lumotlariga koʻra, ularning aksariyati bronza davriga toʻgʻri keladi.
Suratlar Kembriy davridagi qizil qumtosh, qatlamli slanets va ohaktoshning vertikal va gorizontal yuzalarida chizilgan. Petrogliflarning ro‘parasida ko‘chmanchilar qabrlari va qurbonlik qilinadigan joylar joylashgan. Qoyatosh rasmlari toʻplami O‘zbekistonda ibtidoiy tuzum davridan to bronza davrigacha bo‘lgan davrda yashab o‘tgan qadimgi xalqlar hayotiga oid ma’lumotlarni o‘zida jamlagan noyob xazinadir. Suratlar orasida hozirgi Oʻzbekiston hududida yashagan skiflar va massagetlarning marosimlarini aks ettiruvchi tasvirlarni qayd etish mumkin.
Barcha qoyatosh rasmlari tosh yoki metall asboblar bilan oʻyilgan yoki chizilgan. Sarmishsoy petrogliflari bu daraning o‘zi va uning atrofida tabiat qanday bo‘lgani, asrlar davomida qanday o‘zgarganligi haqida batafsil ma’lumot beradi.
Sarmishsoy muhim tabiat maskani ham hisoblanadi: uning hududida 650 ta oʻsimlik turi qayd etilgan boʻlib, ulardan 27 tasi endemik, yaʼni har qanday oʻsimlik va hayvonot dunyosining oʻziga xos tarkibiy qismi hisoblanadi. Sarmishsoydan topilgan hayvonlardan Oʻrta Osiyo kobrasi, qora kalxat va Qizilqum togʻ qoʻylari Oʻzbekiston Qizil kitobiga kiritilgan.