O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 10-iyuldagi 433-sonli Qarori bilan tasdiqlangan “Turistik xizmatlarni sertifikatlashtirish va turistik industriya obyektlarini tasniflash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 49-bandiga binoan “Turizm xizmatlarini sertifikatlash markazi” DUK tomonidan shu yilning noyabr oyi uchun sertifikatlashtirilgan xizmatlarni inspeksiya nazorati rejasi tasdiqlandi.
Rejaga binoan 58 ta joylashtirish vositalarida inspeksiya nazoratini o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Inspeksiya nazorati sertifikatlashtirish obyektida (joylashtirish vositasi) sertifikatlashtirish vaqtida belgilangan normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini tasdiqlash maqsadida davriy qayta baholash hisoblanadi.
Inspeksiya nazorati vaqtida joylashtirish vositalari O‘z DSt 3220:2017 va O‘z DSt 3296:2018 standartlari talablariga hamda ularda xodimlar tomonidan ko‘rsatadigan xizmatlar O‘z DSt 3417:2019 va O‘z DSt 3418:2019 davlat standartlari talablariga muvofiqligi baholanadi.
Inspeksiya nazorati yakuni bo‘yicha “Turizm xizmatlarini sertifikatlash markazi” DUK tomonidan standart talablariga mos kelmagan holatlarda sertifikatni amal qilishini to‘xtatib turish to‘g‘risida tegishli qaror qabul qilinadi.