Jahon sayyohlik tashkiloti (UNWTO) - Birlashgan Millatlar Tashkilotining mas'uliyatli, barqaror va hamma uchun ochiq bo'lgan turizmni targ'ib qilish agentligi hisoblanadi.
Tashkilotning bosh qarorgohi Ispaniya poytaxti Madridda joylashgan bo’lib, 1975 yil 1-noyabrda tashkil etilgan.Turizm sohasidagi yetakchi xalqaro tashkilot sifatida UNWTO sayyohlikni iqtisodiy o'sish, inklyuziv rivojlanish va ekologik barqarorlik omili sifatida targ'ib qiladi va butun dunyo bo'ylab bilim va sayyohlik siyosatini ilgari surishda yetakchilik va qo'llab-quvvatlashni taklif qiladi. UNWTO bir qator ustuvor vazifalarga ega, jumladan:
-
Turizmni global kun tartibiga kiritish;
-
Turizmning raqobatbardoshligini oshirish;
-
Turizmning barqaror rivojlanishiga ko'maklashish;
-
Turizmning qashshoqlikni kamaytirish va rivojlanishiga qo'shgan hissasini oshirish;
-
Bilim, ta'lim va salohiyatni oshirish;
-
Hamkorlik aloqalarini o'rnatish.
O‘zbekiston 1993 yili BMT Butunjahon sayyohlik tashkiloti a’zoligiga kirganidan buyon jahon sayyohlik markazlaridan biri bo‘lgan mamlakatimiz yirik xalqaro sayyohlik anjumanlarini o‘tkazish go‘shasiga aylandi.
Butunjahon sayyohlik tashkiloti bilan hamkorlikning mustahkamlanishi qator muhim hujjatlarning qabul qilinishiga turtki bo‘ldi. Masalan,
-1994 yili 19 mamlakat Buyuk Ipak yo‘lida sayyohlikni rivojlantirish to‘g‘risidagi Samarqand deklaratsiyasini;
-1999 yili Turizm va madaniy merosni asrash bo‘yicha Xiva deklaratsiyasi;
-2002 yilda esa Ipak yo‘li bo‘yida sayyohlikka doir Buxoro deklaratsiyasi imzolandi.
2004-yil 19 may kuni San-Marinoda O‘zbekiston hukumati va Butunjahon sayyohlik tashkiloti o‘rtasida “Samarqand shahrida Buyuk ipak yo‘li bo‘yicha mintaqaviy ofis ochish” to‘g‘risidagi Bitim imzolandi. Ushbu hujjat 2004 yil 21 oktabrda respublika Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlandi.
2020-yili O‘zbekiston 2023 yilda UNWTO Bosh assambleyasining 25-sessiyasini Samarqandda o‘tkazish bo‘yicha rasman o‘z nomzodini ilgari surdi. 2021 yil dekabr oyida UNWTO Bosh assambleyasining Madrid shahrida (Ispaniya) bo‘lib o‘tgan 24-sessiyasidagi ovoz berish natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston Portugaliyani ortda qoldirdi. Samarqand 2023 yilda UNWTO Bosh assambleyasining 25-sessiyasi o‘tkaziladigan joy sifatida e’lon qilingani, shubhasiz, tarixiy voqea bo‘ldi.