So‘nggi yillarda onlayn bronlashtirish platformalaridan foydalanish turizm sohasida sezilarli darajada oshdi. Sayyohlarning katta qismi mehmonxonani tanlashda aynan ushbu platformalarda joylashtirilgan ma’lumotlar, reytinglar va xizmat tavsiflariga tayanmoqda. Shu bilan birga, amaliy kuzatuvlar ayrim joylashtirish vositalari tomonidan xizmat darajasi va tasnif ko‘rsatkichlari onlayn maydonlarda real holatga mos kelmaydigan tarzda taqdim etilayotganini ko‘rsatmoqda.
Bunday holatlarning asosiy sabablaridan biri mehmonxona haqidagi ma’lumotlarni joylashtirishda o‘zini-o‘zi reklama qilish amaliyotining mavjudligi hamda mijozlar reytingi bilan rasmiy tasniflash (yulduzlar) tushunchalarining aralashib ketishidir. Ayrim hollarda joylashtirish vositalari xalqaro bronlashtirish maydonlarida rasmiy tasdiqlanmagan yoki amalda mavjud bo‘lmagan muvofiqlik belgisidan (yulduzlar) foydalanmoqda.
Amaldagi qonunchilikka muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 10-iyuldagi 433-sonli qarori 64-bandi “j” kichik bandida joylashtirish vositalari tomonidan, shu jumladan xalqaro bronlashtirish maydonlarida muvofiqlik belgisidan (yulduzlar) noqonuniy foydalanganlik holati aniqlanganda, ushbu muvofiqlik sertifikatining bekor qilinishi nazarda tutilgan. Mazkur norma turizm xizmatlari bozorida shaffoflikni ta’minlash hamda iste’molchilarni noto‘g‘ri axborotdan himoya qilishga qaratilgan.
Xizmat darajasi bo‘yicha noto‘g‘ri yoki bo‘rttirilgan ma’lumotlar sayyohlar noroziligiga, salbiy fikrlar ko‘payishiga va joylashtirish vositasining ishchanlik obro‘siga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu bilan birga, bu holatlar halol faoliyat yuritayotgan turizm subyektlari uchun nohaq raqobat muhitini yuzaga keltiradi hamda turizm xizmatlari bozorida ishonch darajasini pasaytiradi.
Joylashtirish vositalari tomonidan onlayn va xalqaro bronlashtirish maydonlarida noto‘g‘ri toifa (yulduzlar) ko‘rsatish, rasmiy tasdiqlanmagan muvofiqlik belgisidan foydalanish yoki tasnif ma’lumotlarini real holatga mos kelmaydigan tarzda e’lon qilish qonunchilik talablariga zid hisoblanadi. Bunday holatlar aniqlanganda, amaldagi tartibga muvofiq, joylashtirish vositasiga berilgan muvofiqlik sertifikati bekor qilinishiga olib kelishi mumkin. Shu bois, turizm obyektlari tomonidan e’lon qilinayotgan ma’lumotlarning rasmiy hujjatlar va real xizmat darajasiga to‘liq muvofiqligini ta’minlash muhim ahamiyat kasb etadi.

