Qoraqalpogʻistonning qadimiy kengliklarida Mizdaxqon majmuasi joylashgan. Bu qadimiy arxeologik va meʼmoriy majmua Xoʻjayli shahridan 3 - 4 km janubda, Ustyurt platosi va Moʻynoqga olib boruvchi yirik avtomobil yoʻllari boʻyidagi tepaliklarda joylashgan. U 200 gektar maydonni egallaydi. Majmua 2000 yildan koʻproq vaqt oldin qurilgan. Mizdaxqon nafaqat O‘zbekistondagi, balki Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng qadimiy va yirik qabristonlardan biridir.
Majmua bir nechta qismlardan iborat: koʻhna shahar, qal’a va qabriston. Qabriston nafaqat oʻzining kattaligi, balki turli yoshdagi koʻplab binolarning kombinatsiyasi bilan ham hayratda qoldiradi. Shuningdek, u Oltin Oʻrda davridagi shaharlarni, karvonsaroyni, qoʻrgʻoncha va qal’alarning xarobalari, sugʻorish tizimlarining qoldiqlarini oʻzida ifodalaydi. Xorazm tadqiqotchilari Mizdaxqonni ushbu qadimiy sivilizatsiyaning barcha qadimiy manzilgohlari orasida uchinchi oʻringa qoʻyishadi. Majmua tarkibiga Shamun-nabiy, Mazlumxon Suluv, Halifa Rajab kabi bir qancha maqbaralar ham kiradi.
Mazlumxon Suluvning yarim yertoʻla maqbarasi (XIII – XIV asrlar) Mizdaxqonning shimoliy tepaligida joylashgan boʻlib, ajoyib bezakli dizaynga ega. Rivoyatlarga koʻra, bu hukmdorning goʻzal qizining saroyi boʻlgan.
Mizdaxqon majmuasining yana bir mashhur yodgorligi Shamun-nabiy maqbarasidir (XVII – XVIII asrlar). Shamun-nabiy mozori ichida avliyo Shamun-nabiyga tegishli boʻlgan 25 m uzunlikdagi ulkan qabr bor. Bu toʻrtburchak shaklidagi inshoot boʻlib, uning asosiy old tomonidagi ravoq daqqatni oʻziga tortadi hamda sharq tomonga yoʻnalgan.
Halifa Rajab maqbarasi xarobalari Mazlumxon Suluv maqbarasidan 120 – 130 m janubda joylashgan boʻlib, X – XI asrlarga oid. U pishiq va xom gʻishtdan qurilgan. Shunisi e’tiborga loyiqki, ushbu inshootni qurishda uni seysmologik xavf-xatarlardan, shuningdek, vayron qiluvchi namlikdan himoya qilish uchun daryo qamishlarining qalin qatlami ishlatilgan.
Oltin Oʻrda davridagi shaharcha oʻrnida XIII – XIV asrlarga tegishli daha toʻliq qazib topilgan. Uning sharqiy qismida toʻgʻri burchakli katta hovli, 7 ta ikki qavatli kulolchilik oʻchogʻi, 5 ta ustaxona, xoʻjalik oʻralari, omborxonalar topilgan. Gʻarbiy qismida ketma-ket uylarda joylashgan 2 - 5 xonali 8 ta xonadon topilgan; 1 yoki 2 ta xona yashash xonalari boʻlib, ularning ichki qismi devor boʻylab xom gʻishtdan yasalgan supalardan iborat. Bu yerdan sopol idishlar, tilla tangalar, uy-roʻzgʻor buyumlari topilgan.
Majmua hanuzgacha koʻplab afsonalar va sirlarni oʻz ichiga oladi, va ayni paytda u bugungi kungacha saqlanib qolgan goʻzal qadimiy inshoot hisoblanadi.

