Toshkentdan 15 km uzoqlikda mashhur Zangi ota maqbarasi joylashgan bo‘lib, u yerda XIII asrda yashab o‘tgan musulmon avliyolaridan biri dafn etilgan. U buyuk Amir Temur buyrug‘i bilan XIV asrning to‘qsoninchi yillarida qurilgan. Zangi otaning asl ismi Shayx Oyxo‘ja ibn Tojxo‘ja ibn Mansurdir. Zangi ota nomi “qora ota” degan ma’noni anglatadi. Zangi ota tirikligida ham, vafotidan keyin ham xalq tanigan va hurmat qilgan buyuk so‘fiy boʻlgan.
Zangi ota majmuasining me’moriy qiyofasi o‘ziga xosdir. U uchta hududdan iborat: XIV-XIX asrlarga oid binolar majmuasi, katta bogʻ va Zangi otaning rafiqasi Ambar bibi maqbarasi. XIV-XIX asrlardagi binolar majmuasi Zangi ota maqbarasi, Namozgoh masjidi, minora, madrasa va ichki hovlini o‘z ichiga oladi. Bir qarashda Zangi ota maqbarasida Amir Temur va temuriylar davriga oid mahobatli binolar uslubini ko‘rishingiz mumkin. Yaltiroq yorqin naqshlar bilan bezatilgan baland ravoq va katta dumaloq gumbazlar, hatto uzoqdan qaraganda ham Samarqandning mashhur diqqatga sazovor joylari bilan tanish boʻlgan tasavvurlarni uygʻotadi.
Masjidning baland ravogʻi majmuaga kirish eshigi boʻlib xizmat qiladi hamda rang-barang naqshlar, arab yozuvi va yon tomonlarida ikkita minora bilan bezatilgan. XVIII - XIX asrlarda majmua hududida madrasa qurilgan. Bino kvadrat shakldagi pishgan gʻishtdan qurilgan boʻlib, hujralari boʻlgan trapetsiya koʻrinishidagi ichki hovliga qaragan. Janubi-gʻarbiy tomonida masjid joylashgan boʻlib, 1870-yilda zangiotalik qozi (bosh qozi) tomonidan qurilgan.
Zangi ota majmuasi gʻaroyib sharqona me’morchilikka ega boʻlgan sokin, tarixga boy joy boʻlib, butun dunyodan kelgan koʻplab musulmonlar uchun ziyoratgoh hisoblanadi. Bugungi kunda ushbu ziyoratgoh mahalliy aholi va xorijlik mehmonlarning eng ko‘p tashrif buyuradigan maskanlaridan biridir. Ziyoratchilar uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Majmua yonida mehmonxona, dehqon bozori, supermarket, novvoyxona, xizmat ko‘rsatish shoxobchalari barpo etilgan.

