Shahrisabz tarixiy markazga ega boʻlgan O‘zbekistonning eng qadimiy va rang-barang shaharlaridan biridir. U Samarqanddan 80 kilometr janubda, Taxta-Qoracha baland togʻ dovonidan narida joylashgan. Shahrisabz YuNESKOning Butunjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan. Yam-yashil bog‘-shahar Shahrisabz buyuk sarkarda Amir Temur tug‘ilgan maskan bo‘lib, o‘zining betakror me’moriy obidalari bilan mashhurdir. Bu yodgorliklarning aksariyati Temur va temuriylar davrida qurilgan.
Amir Temurning “Oq saroyi” Shahrisabzning tarixiy qismidan shimolda joylashgan. Saroy 1380-1404 yillarda Temuriylar saltanatining barcha hududlaridan kelgan hunarmandlar tomonidan qurilgan. Hukmdorning rejasiga koʻra, inshoot oʻzining ulugʻvorligi bilan beqiyos boʻlishi kerak edi. Shunday boʻldi ham. Saroy peshtoqida: “Agar kimki, bizning kuch-qudratimizga shubha qilsa, biz qurdirgan imoratlarga boqsin” degan yozuv bor edi.
Saroyning koʻlami oʻzining kattaligi bilan hayratga soladi: mayda relefdan tiklangan faqat bitta asosiy hovlining kengligi 120-125 m, uzunligi 240-250 m boʻlgan. XV-XVI asrlarda mayda relefning jiddiy buzilishi tufayli boshqa hovlining oʻlchamlari va hovlining tashqi perimetri tiklana olinmagan. Binoning saqlanib qolgan elementlarining nisbatlari hisoblab chiqilsa asosiy peshtoqning balandligi 70 m ga yetganligini koʻrish mumkin.
Peshtoqning turli uslub va ranglarni o‘zida mujassam etgan me’moriy bezagi, to‘q va och ko‘k rangdagi qadama naqshlardan foydalangan holda peshtoqqa o‘zgacha mayinlik va sirlilik baxsh etadi. Devor qoplamasi markazida qurib bitkazilgan sana va meʼmor Muhammad Yusuf Tabriziy nomi koʻrsatilgan yozuv bor.