Baholash tartib-taomillari
Turistik xizmatlarni sertifikatlashtirish, baholash tartib-taomillari, muvofiqlik sertifikatini berish, tasdiqlash, qo‘llash doirasini kengaytirish yoki qisqartirish, sertifikatlashtirishni to‘xtatib turish, bekor qilish yoki sertifikatlashtirishni rad etish qoidalari va tartib-taomillari
Turistik xizmatlarni sertifikatlashtirish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 433-son qarori bilan tasdiqlangan «Turistik xizmatlarni sertifikatlashtirish va turizm industriyasi obyektlarini tasniflash tartibi to‘g‘risida»gi Nizom asosida amalga oshiriladi.
Mazkur qarorda belgilangan sertifikatlashtirish tartibiga muvofiq, turistik xizmatlarning standartlashtirish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligi 433-son qarorning 1-ilovasida nazarda tutilgan sxema asosida tasdiqlanadi.
433-son qarorning 2-ilovasi tegishli faoliyatni amalga oshirish huquqiga ega bo‘lgan turizm faoliyati subyektlari tomonidan ko‘rsatiladigan turistik xizmatlarni sertifikatlashtirish tartibini belgilaydi. Sertifikatlashtirish amaldagi standartlashtirish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga turistik xizmatlarning muvofiqligini tasdiqlash, shuningdek ularning sifati va xavfsizligini ta’minlash maqsadida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Turistik xizmatlarni sertifikatlashtirish jarayoni quyidagi asosiy ishlarni o‘z ichiga oladi:
a) turistik xizmatlarni sertifikatlashtirish markaziga sertifikatlashtirish uchun ariza berish va uni ko‘rib chiqish;
b) arizada ko‘rsatilgan xizmatga oid normativ hujjatlar hamda arizaga ilova qilingan boshqa hujjatlarni tahlil qilish;
v) ariza bo‘yicha qaror qabul qilish;
g) sertifikatlashtirish dasturini tayyorlash va tasdiqlash;
d) sertifikatlashtirish obyektini baholash;
e) muvofiqlik sertifikatini rasmiylashtirish va uni milliy sertifikatlashtirish tizimining Davlat reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazish;
j) muvofiqlik sertifikatidan foydalanish huquqini beruvchi kelishuvni rasmiylashtirish;
z) sertifikatlashtirilgan xizmatlarning barqarorligi ustidan inspeksion nazorat o‘tkazish.
Turistik xizmatlarni sertifikatlashtirish ularning texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini aniqlash maqsadida amalga oshiriladi hamda xizmatlarning xavfsizligi va sifatini ta’minlashga qaratilgan.
Joylashtirish vositalari, tog‘-chang‘i trassalari va plyajlar majburiy sertifikatlashtirilishi lozim. Turoperatorlik xizmatlarini sertifikatlashtirish ixtiyoriy asosda amalga oshiriladi.
Turoperatorlik xizmatlari, joylashtirish vositalari, tog‘-chang‘i trassalari va plyajlar xizmatlarini amaldagi sertifikatsiz ko‘rsatish qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Sertifikatlashtirilishi lozim bo‘lgan faoliyatni keyinchalik davom ettirish uchun sertifikat egasi sertifikatning amal qilish muddati tugashidan kamida uch oy oldin takroran sertifikatlashtirishni o‘tkazish to‘g‘risida ariza bilan murojaat qiladi.
Sertifikatlashtirish organi taqdim etilgan materiallarni ko‘rib chiqadi va tahlil qiladi hamda inspeksion nazoratning ijobiy natijalarini hisobga olgan holda xizmatlarni yangi muddatga sertifikatlashtirish imkoniyati va tartibi bo‘yicha qaror qabul qiladi. Xizmatlarni yangi muddatga takroran sertifikatlashtirish belgilangan sertifikatlashtirish tartibiga muvofiq amalga oshiriladi.
Sertifikatlashtirish uchun ariza berish
Ariza beruvchi hujjatlar to‘plamini shakllantiradi va belgilangan shaklda sertifikatlashtirish uchun arizani sertifikatlashtirish organiga taqdim etadi. Ariza elektron shaklda sertifikatlashtirish organining rasmiy veb-sayti orqali beriladi.
Turoperatorlik xizmatlarini sertifikatlashtirish uchun arizaga quyidagilar ilova qilinadi:
— turizm sohasida ma’lumoti va/yoki malaka sertifikatlariga ega bo‘lgan xodimlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
— turoperatorlik xizmatini tashkil etish uchun tuzilgan shartnomalar ro‘yxati, jumladan transport va ekskursiya xizmatlari, joylashtirish, gid-tarjimonlar, ovqatlanish, ko‘ngilochar va dam olish xizmatlari, turagentlik xizmatlari, shuningdek turistlarni qabul qiluvchi davlatlardagi xorijiy hamkorlar bilan tuzilgan shartnomalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar.
Joylashtirish vositalari xizmatlarini sertifikatlashtirish uchun arizaga quyidagilar ilova qilinadi:
— turizm sohasida ma’lumoti va/yoki malaka sertifikatlariga ega bo‘lgan xodimlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
— yong‘in va sanitariya-gigiyena xavfsizligi, lift uskunalaridan xavfsiz foydalanish ustidan nazorat qiluvchi vakolatli nazorat organlarining xulosalari nusxalari. Ushbu xulosalar ariza kelib tushgan kundan oldingi bir yildan kech bo‘lmagan muddatda tuzilgan bo‘lishi kerak;
— yangi tashkil etilgan joylashtirish vositalari uchun ular foydalanishga topshirilgan kundan boshlab bir yil davomida yuqoridagi hujjatlar o‘rniga davlat komissiyasining obyektni foydalanishga qabul qilish dalolatnomasi nusxasi taqdim etilishi mumkin;
— ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlar, shu jumladan ijara shartnomasi;
— mehmonlar xavfsizligi va xizmat ko‘rsatish sifatini ta’minlovchi tegishli xizmatlar bilan tuzilgan shartnomalar nusxalari, jumladan dezinfeksiya, yong‘in signalizatsiyasi tizimi va liftlarga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha shartnomalar.
Tog‘-chang‘i trassalari xizmatlarini sertifikatlashtirish uchun:
— qutqaruv xizmatlari, qutqaruv tuzilmalari va qutqaruvchilarni attestatsiyadan o‘tkazuvchi organda attestatsiyadan o‘tgan xodimlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
— yong‘in va sanitariya-gigiyena xavfsizligi, davlat ekologik ekspertizasi, tog‘ ko‘chkilari xavfi hamda osma kanat yo‘llaridan xavfsiz foydalanish bo‘yicha vakolatli nazorat organlarining tegishli xulosalari;
— yangi tashkil etilgan tog‘-chang‘i trassalari uchun foydalanishga topshirilgan kundan boshlab bir yil davomida davlat komissiyasining obyektni foydalanishga qabul qilish dalolatnomasi nusxasi;
— ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlar, shu jumladan ijara shartnomasi;
— trassa nomi ko‘rsatilgan 1:5000 masshtabdagi trassa sxemasi, xaritasi yoki rejasi;
— tog‘-chang‘i majmuasi hududida obyektlarning joylashuvi ko‘rsatilgan reja-xarita taqdim etiladi.
Plyaj xizmatlarini sertifikatlashtirish uchun:
— attestatsiyadan o‘tgan qutqaruv xizmati xodimlari, qutqaruv tuzilmalari va qutqaruvchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
— yong‘in va sanitariya-gigiyena xavfsizligi, suv sifati laboratoriya nazorati hamda plyaj akvatoriyasi tubini vodolazlik tekshiruvi natijalari bo‘yicha vakolatli nazorat organlarining xulosalari;
— yangi tashkil etilgan plyajlar uchun ular foydalanishga topshirilgan kundan boshlab bir yil davomida davlat komissiyasining obyektni foydalanishga qabul qilish dalolatnomasi nusxasi;
— ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlar, shu jumladan ijara shartnomasi;
— plyaj hududida obyektlarning joylashuvi ko‘rsatilgan reja-xarita taqdim etiladi.
Ariza beruvchilar va sertifikat egalari ariza hamda unga ilova qilingan hujjatlar va ma’lumotlarda ko‘rsatilgan ma’lumotlarning haqiqiyligi uchun javobgar bo‘ladilar.
Ariza beruvchining xohishiga ko‘ra ko‘rsatilayotgan xizmatlarning normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini tasdiqlovchi qo‘shimcha hujjatlar ham taqdim etilishi mumkin.
Sertifikatlashtirish organi o‘z faoliyati davomida ariza beruvchi yoki sertifikat egasi to‘g‘risida olgan ma’lumotlarning maxfiyligini ta’minlaydi.
Ariza qabul qilinganda mas’ul shaxs arizada ko‘rsatilgan turistik xizmat turini belgilaydi hamda 433-son qaror va normativ hujjatlarda nazarda tutilgan hujjatlar va ma’lumotlarning mavjudligini tekshiradi.
Arizani tahlil qilish
Ariza unga ilova qilingan hujjatlar va ma’lumotlar bilan birga bir ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi.
Arizani tahlil qilishda quyidagilar aniqlanadi:
— buyurtmachi va xizmatlar to‘g‘risida sertifikatlashtirish jarayonini o‘tkazish uchun yetarli ma’lumotlarning mavjudligi;
— sertifikatlashtirish organi va buyurtmachi o‘rtasidagi tushunmovchiliklarning bartaraf etilganligi, shu jumladan xizmatlarga nisbatan qo‘llaniladigan standartlar yoki boshqa normativ hujjatlar bo‘yicha kelishuvga erishilganligi;
— sertifikatlashtirishning talab qilinayotgan sohasi aniqlanganligi;
— muvofiqlikni baholash bo‘yicha barcha harakatlarni amalga oshirish uchun zarur resurslarning mavjudligi;
— sertifikatlashtirish organining sertifikatlashtirishni amalga oshirish uchun zarur vakolat va imkoniyatlarga egaligi.
Agar sertifikatlashtirish organi zarur vakolatga yoki sertifikatlashtirish bo‘yicha zarur harakatlarni amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘lmasa, sertifikatlashtirishni o‘tkazishni rad etadi.
Ariza beruvchi tomonidan taqdim etilgan yong‘in, sanitariya-gigiyena xavfsizligi, gaz qurilmalari va lift uskunalaridan xavfsiz foydalanish hamda boshqa vakolatli organlarning xulosa va dalolatnomalari asl nusxalari bilan solishtiriladi.
To‘liq bo‘lmagan yoki haqiqiy bo‘lmagan ma’lumotlar taqdim etilgan taqdirda, sertifikatlashtirish organi tegishli choralarni ko‘rish uchun Turizm qo‘mitasini xabardor qilishi mumkin.
Ariza tahlili natijalariga ko‘ra sertifikatlashtirish organi sertifikatlashtirishni o‘tkazish yoki uni o‘tkazishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
Arizani tahlil qilishda quyidagilar belgilanadi:
— arizada ko‘rsatilgan turistik xizmat turining sertifikatlashtirish organi faoliyat sohasiga muvofiqligi;
— 433-son qarorda belgilangan qo‘llaniladigan talablar;
— qo‘llaniladigan normativ hujjatlar;
— baholashning zarur usullari va hajmi;
— obyektni tasniflashni o‘tkazish zarurati;
— sertifikatlashtirishni amalga oshirish uchun vakolatli xodimlar va zarur resurslarning mavjudligi.
Sertifikatlashtirishni o‘tkazish haqida qaror qabul qilingan taqdirda, sertifikatlashtirish organi bir ish kuni ichida ariza beruvchiga sertifikatlashtirish bo‘yicha qaror va shartnomani yuboradi. Shartnomada sertifikatlashtirish organining bank hisobvarag‘i rekvizitlari, sertifikatlashtirish uchun to‘lov miqdori va to‘lash muddatlari ko‘rsatiladi.
Ariza beruvchi qarorni olgan kundan boshlab o‘ttiz kun ichida sertifikatlashtirish organi bilan sertifikatlashtirish shartnomasini imzolashi va shartnoma bo‘yicha to‘lovni amalga oshirishi shart.
Sertifikatlashtirishni o‘tkazishni rad etish uchun asoslar quyidagilardan iborat:
— arizada ma’lumotlarning to‘liq ko‘rsatilmaganligi;
— zarur hujjatlar va ma’lumotlarning to‘liq taqdim etilmaganligi;
— ariza, hujjatlar va ma’lumotlarning sifati sertifikatlashtirish maqsadlari uchun zarur axborotni to‘liq aniqlash imkonini bermasligi.
Sertifikat berishni ushbu asoslarda nazarda tutilmagan boshqa sabablarga ko‘ra rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Shartnomani imzolash va xizmatlar uchun to‘lovni amalga oshirish shartlari buzilgan taqdirda, sertifikatlashtirish organining sertifikatlashtirishni o‘tkazish haqidagi qarori bekor qilinadi va bu haqda ariza beruvchi ikki ish kuni ichida xabardor qilinadi.
Muvofiqlikni baholash
Ariza beruvchi sertifikatlashtirish xizmatlari uchun to‘lovni amalga oshirganidan keyin bir ish kuni ichida baholash komissiyasi tarkibi va sertifikatlashtirish dasturi tasdiqlanadi. Sertifikatlashtirish dasturida baholash ishlarining maqsadi, obyektlari, hajmi va mazmuni belgilanadi.
Sertifikatlashtirish obyektining normativ hujjatlar talablariga muvofiqligi komissiya tomonidan quyidagi joylarda baholanadi:
— turoperatorlik xizmatlari bo‘yicha — turoperatorlik xizmatlari ko‘rsatiladigan joyda;
— joylashtirish vositalari, tog‘-chang‘i trassalari va plyajlar bo‘yicha — tegishli obyekt joylashgan joyda.
Komissiya baholashni direktor tomonidan tasdiqlangan kundan boshlab besh ish kuni ichida boshlashi kerak.
Baholash muddati joylashtirish vositalari, tog‘-chang‘i trassalari va plyajlar uchun ikki ish kunidan, turoperatorlar uchun bir ish kunidan oshmasligi lozim.
Baholashni o‘tkazish uchun ariza beruvchi komissiyaga normativ hujjatlar talablariga muvofiq zarur hujjatlarni taqdim etadi va komissiya ishlashi uchun zarur sharoitlarni yaratadi.
Sertifikatlashtirilayotgan xizmatlarga taalluqli bo‘lmagan hujjatlarni ariza beruvchidan talab qilish va ularni baholashga yo‘l qo‘yilmaydi.
Baholash tasdiqlangan sertifikatlashtirish dasturiga muvofiq o‘tkaziladi hamda 433-son qaror va tegishli turistik xizmat turi uchun belgilangan normativ hujjatlarning qo‘llaniladigan talablari bajarilishini tekshirishni o‘z ichiga oladi.
Baholash jarayonida quyidagilar tekshiriladi:
— ariza beruvchining hujjatlari va ma’lumotlari;
— xodimlarga qo‘yiladigan talablar;
— obyektning holati va jihozlanganligi;
— xavfsizlik talablari;
— turistik xizmat sifatiga qo‘yiladigan talablar;
— tegishli turistik xizmat turi uchun belgilangan maxsus talablar;
— agar arizada tasniflash nazarda tutilgan bo‘lsa, obyektni tasniflash talablari.
Joylashtirish vositalarini baholashda xodimlar, xonalar, nomer fondi, jihozlar, xavfsizlik, sanitariya-gigiyena talablari va xizmat ko‘rsatish sifati bo‘yicha belgilangan talablarga rioya qilinishi tekshiriladi.
Joylashtirish vositalari uchun quyidagi shartlar majburiy hisoblanadi:
— mehmonxonalarni xalqaro onlayn bronlash xizmatlariga kiritish;
— tezligi kamida 4 Mbit/s bo‘lgan internet va Wi-Fi tarmog‘iga kirish imkoniyatini ta’minlash.
10 tagacha nomerga ega joylashtirish vositalarida nomerlar to‘liq tekshiriladi.
10 tadan ortiq nomerga ega joylashtirish vositalarida nomerlarning 15 foizidan 30 foizigacha tanlab tekshiriladi.
Joylashtirish vositalarining boshqa xonalari va jihozlari to‘liq tekshiriladi.
Nomerlarni tanlash komissiya raisi tomonidan amalga oshiriladi va joylashtirish vositasining haqiqiy holatini ishonchli aniqlashni ta’minlashi lozim.
Ariza beruvchida ikki yoki undan ortiq joylashtirish vositasi mavjud bo‘lsa, har bir joylashtirish vositasi alohida sertifikatlashtiriladi.
Agar ariza beruvchi turistik industriyasi obyektiga muayyan kategoriya berishni talab qilsa, bu holat arizada ko‘rsatilishi lozim. Bunday holda komissiya obyektning tasniflash tizimiga muvofiq tegishli kategoriyaga muvofiqligini belgilaydi.
Plyajlarni baholashda xavfsizlik, hududning holati, jihozlar, qutqaruv xizmatlari va boshqa belgilangan talablarning bajarilishi tekshiriladi.
Mehmonxonalar besh kategoriya bo‘yicha yulduzlar bilan belgilanadi. Eng yuqori kategoriya — besh yulduz, eng past kategoriya — bir yulduz.
Tog‘-chang‘i trassalari to‘rt kategoriyaga bo‘linadi:
— yashil — boshlovchilar uchun;
— ko‘k — qiyinlik darajasi past;
— qizil — o‘rtacha qiyinlik darajasi;
— qora — yuqori qiyinlik darajasi.
Plyajlar uch kategoriyaga bo‘linadi:
— ko‘k bayroq — I kategoriya;
— yashil bayroq — II kategoriya;
— sariq bayroq — III kategoriya.
Sertifikatlashtirish obyektini baholash dalolatnomasida sertifikatlashtirish maqsadlari uchun ahamiyatga ega bo‘lgan boshqa ma’lumotlar ham ko‘rsatilishi mumkin.
Baholash dalolatnomasiga obyektni baholash bayonnomasi, joylashtirish vositalari, tog‘-chang‘i trassalari va plyajlar uchun tasniflash bayonnomasi, nomuvofiqliklar aniqlangan taqdirda esa obyektning nomuvofiqligi to‘g‘risidagi bayonnomalar hamda sertifikatlashtirishning barcha bosqichlarida komissiya tomonidan to‘plangan boshqa hujjatlar ilova qilinadi.
Baholash dalolatnomasi va bayonnomalarning ikkinchi nusxalari ariza beruvchiga imzo qo‘ydirgan holda beriladi.
-
Muvofiqlik sertifikatini berish, amal qilishini tasdiqlash, sohasini kengaytirish yoki qisqartirish, amal qilishini to‘xtatib turish, tugatish va sertifikatlashtirishni rad etish tartibi
Muvofiqlik sertifikatini berish to‘g‘risidagi qaror sertifikatlashtirish obyektini baholash natijalari hamda 433-son qaror va tegishli normativ hujjatlarning barcha qo‘llaniladigan talablari bajarilganligini tahlil qilish asosida qabul qilinadi.
Sertifikatlashtirish organi obyektni baholash dalolatnomasi taqdim etilgan kundan boshlab bir ish kuni ichida quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
— muvofiqlik sertifikatini berish;
— baholash jarayonida aniqlangan nomuvofiqliklar ariza beruvchi tomonidan bartaraf etilmagan bo‘lsa, sertifikat berishni rad etish.
Joylashtirish vositalariga sertifikat berilganda qarorda tasniflash tizimiga muvofiq tegishli kategoriya ham ko‘rsatilishi mumkin.
Qaror sertifikatlashtirishda ishtirok etmagan ekspert tomonidan tayyorlanadi va sertifikatlashtirish organi rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
Qabul qilingan qaror bir ish kuni ichida ariza beruvchiga yuboriladi.
Sertifikat berish to‘g‘risidagi qarorda sertifikatlashtirish organi bilan sertifikatdan foydalanish huquqini beruvchi kelishuvni imzolash shartlari va muddatlari, shuningdek sertifikat va muvofiqlik belgisidan foydalanish uchun to‘lovni amalga oshirish bo‘yicha bank hisobvarag‘i rekvizitlari ko‘rsatiladi.
Ariza beruvchi sertifikat berish to‘g‘risidagi qarorni olgan kundan boshlab o‘ttiz kun ichida tegishli kelishuvni imzolashi, belgilangan to‘lovni sertifikatlashtirish organining bank hisobvarag‘iga o‘tkazishi va sertifikat hamda muvofiqlik belgisidan foydalanish uchun to‘lov hisob-kitobini taqdim etishi shart.
Ushbu shartlardan biri buzilgan taqdirda sertifikat berish to‘g‘risidagi qaror bekor qilinadi va bu haqda ariza beruvchiga xabar beriladi. Sertifikatlashtirish shartnomasi bo‘yicha kiritilgan to‘lov qaytarilmaydi.
Sertifikat berishni rad etish
Sertifikat berish rad etilgan taqdirda ariza beruvchiga rad etishning aniq sabablari ko‘rsatilgan qaror yuboriladi.
Ariza beruvchi qarorni olgan kundan boshlab o‘ttiz kun ichida rad etishga asos bo‘lgan sabablarni bartaraf etishi va ular bartaraf etilganligini tasdiqlovchi zarur hujjatlarni taqdim etishi shart.
Ariza beruvchi rad etishga asos bo‘lgan nomuvofiqliklarni belgilangan muddatda bartaraf etgan taqdirda, faqat ushbu nomuvofiqliklarni bartaraf etilganligini tasdiqlash maqsadida sertifikatlashtirish bosqichi o‘tkaziladi. Ushbu bosqich ariza va tasdiqlovchi hujjatlar olingan kundan boshlab ikki ish kunidan oshmagan muddatda va qo‘shimcha to‘lov undirilmasdan amalga oshiriladi.
Komissiya avval tuzilgan baholash dalolatnomasiga qo‘shimcha ravishda taqdim etilgan hujjatlar asosida obyektni baholashning qo‘shimcha dalolatnomasini tuzadi. Unda ariza beruvchi tomonidan rad etishga asos bo‘lgan sabablar bartaraf etilganligi to‘g‘risida ma’lumot ko‘rsatiladi.
Qo‘shimcha dalolatnoma olingan kundan boshlab ikki ish kunidan oshmagan muddatda sertifikatlashtirish organi qaror qabul qiladi. Qabul qilingan qaror bir ish kuni ichida ariza beruvchiga yuboriladi.
Bunda sertifikat berishni yangi asoslarga ko‘ra rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Sertifikat berishni rad etish to‘g‘risidagi qarorda belgilangan muddat o‘tgandan keyin taqdim etilgan nomuvofiqliklarni bartaraf etish to‘g‘risidagi ariza yangi ariza sifatida ko‘rib chiqiladi.
Sertifikatni rasmiylashtirish va berish
Sertifikatlashtirish organi belgilangan shaklda muvofiqlik sertifikatini rasmiylashtiradi va uni milliy sertifikatlashtirish tizimining Davlat reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazadi.
Rasmiylashtirilgan sertifikat asl nusxani olganligi to‘g‘risida imzo qo‘ydirgan holda ariza beruvchiga beriladi. Shundan so‘ng ariza beruvchi sertifikat egasi hisoblanadi.
Amaldagi sertifikat uning egasiga muvofiqlik belgisidan foydalanish huquqini beradi. Joylashtirish vositalari, tog‘-chang‘i trassalari va plyajlar bo‘yicha esa sertifikat egasiga tasniflash tizimiga muvofiq berilgan kategoriyadan ham foydalanish huquqi beriladi.
Amaldagi sertifikat egalari sertifikatning amal qilish muddati davomida turistik xizmatlarni reklama va axborot materiallarida muvofiqlik belgisidan foydalanishlari mumkin.
Inspeksion nazorat va sertifikat amal qilishini tasdiqlash
Inspeksion nazorat sertifikatni bergan sertifikatlashtirish organi tomonidan sertifikatlashtirish obyektining normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini tasdiqlash maqsadida o‘tkaziladi.
Inspeksion nazorat obyektlari sertifikatlashtirilgan turistik xizmatlar hisoblanadi.
Rejali inspeksion nazoratning davriyligi sertifikatlashtirish organi va sertifikat egasi o‘rtasida tuziladigan kelishuvda belgilanadi va tasdiqlangan reja asosida amalga oshiriladi.
Barcha xizmat turlari bo‘yicha rejali inspeksion nazorat sertifikatning amal qilish muddati davomida uch marta, ya’ni har bir 1,5 yilda bir marta o‘tkaziladi.
Turoperatorlik xizmatlari bo‘yicha inspeksion nazorat qaror qabul qilinib, muvofiqlik sertifikati berilganidan keyin 2,5 yil o‘tgach bir marta o‘tkaziladi.
Sertifikat berilganidan keyin birinchi rejali inspeksion nazorat olti oydan oldin o‘tkazilmasligi lozim.
Ikkinchi rejali inspeksion nazorat avvalgi inspeksion nazoratdan keyin o‘n sakkiz oydan oldin o‘tkazilmaydi.
Inspeksion nazorat muddati turoperatorlik xizmatlari uchun besh ish kunidan, joylashtirish vositalari, tog‘-chang‘i trassalari va plyajlar uchun o‘n ish kunidan oshmasligi lozim.
Inspeksion nazoratni o‘tkazish uchun komissiya tarkibi, muddati va dasturi tasdiqlanadi. Qaror va inspeksion nazorat dasturining bir nusxasi sertifikat egasiga beriladi.
Komissiya raisi sertifikatlashtirish organi auditorlari orasidan tayinlanadi. Komissiya a’zolari maxfiylik talablariga rioya qilishlari shart.
Inspeksion nazorat o‘tkaziladigan oy boshlanishidan kamida o‘n ish kuni oldin sertifikatlashtirish organi sertifikat egasini bu haqda xabardor qiladi va inspeksion nazorat qiymatini ma’lum qiladi.
Inspeksion nazorat uchun to‘lov o‘z vaqtida amalga oshirilmagan yoki sertifikat egasi inspeksion nazoratdan o‘tishdan bosh tortgan taqdirda, sertifikatlashtirish organi sertifikatning amal qilishini to‘xtatib turish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
Sertifikatning amal qilishini to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qarorda inspeksion nazorat uchun to‘lovni amalga oshirish uchun o‘ttiz kunlik muddat belgilanadi.
Sertifikat egasi belgilangan muddatda to‘lovni amalga oshirganidan keyin sertifikatlashtirish organi o‘n ish kuni ichida inspeksion nazoratni o‘tkazishi lozim.
Inspeksion nazorat natijalari bo‘yicha dalolatnoma rasmiylashtiriladi.
Inspeksion nazorat natijalari bo‘yicha sertifikatlashtirish organi dalolatnoma taqdim etilgan kundan boshlab besh ish kuni ichida quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
— inspeksion nazorat natijalari ijobiy bo‘lsa, sertifikat amal qilishini tasdiqlash;
— inspeksion nazorat natijalari salbiy bo‘lsa, sertifikat amal qilishini to‘xtatib turish.
Qaror inspeksion nazoratda ishtirok etmagan ekspert tomonidan tayyorlanadi va sertifikatlashtirish organi rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
Inspeksion nazorat natijalariga ko‘ra joylashtirish vositasining turi va/yoki tipini o‘zgartirishga yo‘l qo‘yiladi va bu haqda qarorda ko‘rsatiladi.
Inspeksion nazorat natijalari bo‘yicha qaror qabul qilingan kundan boshlab ikki ish kuni ichida sertifikat egasiga yuboriladi.
Sertifikat amal qilishini to‘xtatib turish
Inspeksion nazorat natijalari salbiy bo‘lgan taqdirda sertifikatning amal qilishini to‘xtatib turish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi.
Joylashtirish vositalari, tog‘-chang‘i trassalari va plyajlar bo‘yicha bunday qarorda amaldagi kategoriyadan foydalanish vaqtincha taqiqlanadi.
Sertifikatning amal qilishini to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qarorda sertifikat egasiga aniqlangan nomuvofiqliklarni bartaraf etish uchun o‘ttiz kunlik muddat beriladi.
Sertifikat egasi belgilangan muddat ichida aniqlangan nomuvofiqliklarni bartaraf etishi va bu haqda tasdiqlovchi hujjatlar bilan birga ariza taqdim etishi mumkin.
Sertifikat amal qilishini to‘xtatib turishga sabab bo‘lgan nomuvofiqliklar o‘z vaqtida bartaraf etilganligi to‘g‘risidagi ariza va tasdiqlovchi hujjatlar o‘z vaqtida taqdim etilgan taqdirda, komissiya uch kun ichida avvalgi inspeksion nazorat dalolatnomasiga qo‘shimcha dalolatnoma tuzadi.
Qo‘shimcha dalolatnoma tuzilganligi uchun to‘lov undirilmaydi.
Qo‘shimcha dalolatnomada sertifikat egasi tomonidan sertifikat amal qilishini to‘xtatib turishga sabab bo‘lgan holatlar bartaraf etilganligi to‘g‘risida ma’lumot ko‘rsatiladi.
Qo‘shimcha dalolatnoma olingan kundan boshlab uch ish kunidan oshmagan muddatda sertifikatlashtirish organi quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
— inspeksion nazorat natijalari ijobiy bo‘lsa, sertifikat amal qilishini tasdiqlash;
— inspeksion nazorat natijalari salbiy bo‘lsa, sertifikat amal qilishini tugatish.
Bunda inspeksion nazorat dalolatnomasida ko‘rsatilmagan yangi nomuvofiqliklar asosida sertifikat amal qilishini tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Sertifikat amal qilishini to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qarorda ko‘rsatilgan muddat o‘tganidan keyin taqdim etilgan nomuvofiqliklarni bartaraf etish to‘g‘risidagi ariza ko‘rib chiqilmaydi.
Sertifikat amal qilishini tugatish
Muvofiqlik sertifikatining amal qilishi quyidagi hollarda ham tugatiladi:
— sertifikatning amal qilish muddati tugaganda;
— sertifikat egasining sertifikat amal qilishini tugatish to‘g‘risidagi arizasi asosida;
— sertifikat egasining yuridik shaxsni tugatish yoki faoliyatini to‘xtatish to‘g‘risidagi arizasi asosida — tugatish yoki faoliyatni to‘xtatish kunidan boshlab;
— nazorat qiluvchi yoki ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organlardan sertifikat egasi tugatilgani yoki faoliyatini to‘xtatgani haqida ma’lumot olinganda;
— sertifikat egasi qayta tashkil etilganda — qayta tashkil etilgan kundan boshlab, bundan o‘zgartirish shaklidagi qayta tashkil etish mustasno. Agar sertifikat egasi qayta tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilingan kundan boshlab o‘ttiz kun ichida sertifikatni qayta rasmiylashtirish uchun murojaat qilsa, sertifikat amal qilishi saqlanishi mumkin;
— sertifikatda ko‘rsatilgan sertifikat egasining joylashgan joyi yoki xizmat ko‘rsatish joyi o‘zgarganda, agar sertifikat egasi tegishli qaror qabul qilingan kundan boshlab o‘ttiz kun ichida sertifikatni qayta rasmiylashtirish uchun murojaat qilmagan bo‘lsa;
— joylashtirish vositalari tomonidan muvofiqlik belgisi yoki yulduzlardan noqonuniy foydalanish holati aniqlanganda, shu jumladan xalqaro bronlash platformalarida;
— sertifikat amal qilishini to‘xtatib turishga asos bo‘lgan sabablar bartaraf etilmaganda, jumladan inspeksion nazorat uchun to‘lov o‘z vaqtida amalga oshirilmaganda, inspeksion nazoratdan bosh tortilganda yoki inspeksion nazorat natijalari salbiy bo‘lganda;
— texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda, tekshiruv davomida berilgan ko‘rsatma va tavsiyalarda, shu jumladan yashirin baholash natijalari bo‘yicha belgilangan talablardan 30 foizdan ortig‘i bajarilmagan taqdirda.
Sertifikatining amal qilishi tugatilgan subyekt inspeksion nazoratning salbiy natijalari yoki joylashtirish vositasi tomonidan muvofiqlik belgisi yoki yulduzlardan noqonuniy foydalanish holati aniqlanganligi sababli sertifikatning amal qilishi tugatilgan bo‘lsa, sertifikatlashtirish organining sertifikat amal qilishini tugatish to‘g‘risidagi qarori qabul qilingan kundan boshlab uch oy o‘tgach sertifikatlashtirish obyektini qayta sertifikatlashtirish uchun murojaat qilish huquqiga ega.
Sertifikat amal qilishini tugatish to‘g‘risidagi qaror qabul qilingan kundan boshlab uch ish kuni ichida sertifikat egasiga yuboriladi.
Sertifikat amal qilishini tugatish yoki sertifikatni bekor qilish to‘g‘risidagi qaror olingan kundan boshlab sertifikati tugatilgan yoki bekor qilingan tadbirkorlik subyekti joylashtirish vositalari, tog‘-chang‘i trassalari va plyajlar xizmatlarini mavjud shartnomalar bo‘yicha ko‘rsatishni hamda yangi shartnomalar tuzishni to‘xtatishi shart.
Sertifikatning amal qilishini to‘xtatib turish yoki tugatish sertifikat, muvofiqlik belgisi hamda joylashtirish vositasi, tog‘-chang‘i trassasi va plyajga berilgan kategoriyadan foydalanish huquqini ham tegishlicha to‘xtatadi yoki tugatadi.
Sertifikatni bekor qilish
Muvofiqlik sertifikati quyidagi holatlar aniqlangan taqdirda sud qarori asosida bekor qilinishi mumkin:
— sertifikat qalbaki hujjatlardan foydalangan holda olingan bo‘lsa;
— sertifikat berish to‘g‘risidagi qaror qonunga xilof deb topilsa.
Sertifikatni bekor qilish to‘g‘risida qaror qabul qilinganda sertifikat milliy sertifikatlashtirish tizimining Davlat reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazilgan kundan boshlab bekor qilingan hisoblanadi.
Sertifikati qalbaki hujjatlardan foydalangan holda olingani sababli bekor qilingan tadbirkorlik subyekti sertifikatni bekor qilish to‘g‘risida qaror qabul qilingan kundan boshlab olti oy o‘tgach sertifikatlashtirish obyektini qayta sertifikatlashtirish uchun murojaat qilish huquqiga ega.
Sertifikatining amal qilishi to‘xtatib turilgan, tugatilgan yoki sertifikati bekor qilingan tadbirkorlik subyekti o‘zida sertifikatlangan xizmat mavjudligi to‘g‘risida bayonot berish yoki sertifikatlangan xizmatga ega ekanligini ko‘rsatish huquqiga ega emas.
