Hozirgi Samarqand shahri yaqinida, uning shimolida bepoyon koʻhna shahar joylashgan. Qadim zamonlarda bu maskan ulugʻvor va jarangdor — Afrosiyob nomini olgan va Soʻgʻdiyona davlatining poytaxti boʻlgan. Bu manzilgohning nomi afsonaviy Turon podshohi Afrosiyobga borib taqaladi. Shahar nomi oʻrta asrlarning koʻplab mamlakatlarida ma’lum boʻlgan. Yunonistonda u Maroqand nomi bilan tanilgan.
Koʻhna shahar eramizdan avvalgi VII asrda tashkil etilgan va XII asrda faol aholi punkti sifatida oʻz faoliyatini toʻxtatgan. Koʻhna shahar ulkan boʻlib, 200 gektardan ortiq yerni egallagan, janubda va shimolda daryo jarliklari va chuqur botiqlar bilan himoyalangan.
Afrosiyob manzilgohida dastlabki qazishmalar 1874-yilda boshlangan. Arxeologik tadqiqotlar eramizning boshlanishidan bir necha asrlar ilgari Samarqand Markaziy Osiyoning yirik savdo va madaniy markazlaridan biri bo‘lganligini tasdiqladi. Qudratli qal’a - mudofaa devori qurilgan boʻlib u shaharni hujumlardan himoyagan, uning ortida esa hayot gullab-yashnagan. Aniqlanishicha, shahar koʻchalariga tosh yotqizilgan boʻlib, chorrahalar shaharni dahalarga boʻlgan, atrofi miloddan avvalgi VII – VI asrlarga oid kuchli mudofaa devorlari bilan oʻralgan.
Qazishmalar davomida arxeologlar uy-roʻzgʻor anjomlari, zargarlik buyumlari, mehnat qurollari parchalari va noyob artefaktlar, jumladan, taxminan VII asrga oid va qadimiy shahar hududida joylashgan freskalarni topganlar. Freskalar 11x11 metr oʻlchamdagi kvadrat xonaning toʻrtta devorini bezatgan. Bu topilmalarning barchasi qadimiy manzilgoh xarobalari yonida joylashgan Samarqand tarixiy muzeyi zallarida koʻrgazmaga qoʻyilgan.

