Turizm turlarining har xil tasniflari mavjud. Arxeologik turizm - bu arxeologik qazishmalar bilan bogʻliq hududlarga tashrif buyurishni oʻz ichiga olgan juda qiziqarli turizm turi. Arxeologik yodgorliklar koʻpgina mamlakatlar umumiy madaniy merosining muhim tarkibiy qismi boʻlib, odatda tarixiy va madaniy yodgorliklar orasida muhim oʻrin tutadi. Arxeologik turizm nafaqat qadimiy qabriston va turar-joylarni yaqindan koʻrish, balki haqiqiy qazishmalarda qatnashish imkoniyatidir.
Arxeologik turizmning tobora ommalashib borayotganini qazishma joylariga boʻlgan sayohatlar bilan tasdiqlash mumkin. Keng ma’noda arxeologik turizm mashhur joylarda boʻlib oʻtadigan turlar va tadbirlar deb ta’riflanadi. Bunday turlarda siz professional arxeologlarning ma’ruzasini tinglashingiz va oʻzingiz qazishmalarda qatnashishingiz mumkin.
Arxeologik tur davomida sayyohlar ayniqsa tarixiy obidalar – turli qoʻrgʻontepalar, qabristonlar, yashash joylari va ularda topilgan mehnat qurollari, harbiy qurollar, turli bezaklar bilan qiziqadi. Ushbu tur birinchi navbatda ma’rifiy xarakterga ega boʻlib, sayyohlarda oʻtgan davrlar va ularning madaniyatiga boʻlgan muhabbatni rivojlantiradi.
Oʻzbekiston ham arxeologik topilmalarga boy. Arxeologlar tomonidan topilgan petrogliflar, dafn etish joylari, vaqtinchalik aholi punktlari buning isboti boʻla oladi. Zamonaviy Oʻzbekiston hududida Afrosiyob, Varaxsha, Vardanzi, Poykent, Ayoz-qala, Tuproq-qala, Kampir-tepa va boshqa qadimiy shaharlar joylashgan. Qadimgi shaharlar tarix sahifalarini oʻrganishda alohida qatlam boʻlib, unga tadqiqotchilar, turistlar, mintaqa mehmonlari yuqori darajada qiziqish bildiradilar.

