2026-yil 26-noyabr kuni Toshkent shahridagi CAEx majmuasida mehmonxona biznesi, HoReCa, developerlik hamda mehmondo‘stlik industriyasining boshqa yo‘nalishlarida faoliyat yurituvchi kompaniyalar vakillarini birlashtirgan “Uzbekistan Hospitality B2B Platform” biznes tadbiri bo‘lib o‘tadi.
Mazkur platforma sohada faoliyat yuritayotgan kompaniyalar o‘rtasida o‘zaro manfaatli ishbilarmonlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, mahsulot va xizmatlar yetkazib beruvchilarni potensial buyurtmachilar bilan bog‘lash, shuningdek, yangi biznes hamkorliklarni rivojlantirishga qaratilgan.
Tadbirning o‘ziga xos jihati shundaki, ishtirokchilar o‘rtasidagi uchrashuvlar oldindan shakllantirilgan profillar, qiziqishlar va hamkorlik yo‘nalishlari asosida tashkil etiladi. Bu esa biznes muloqotlarining maqsadli va samarali o‘tishiga xizmat qiladi.
Platforma doirasida ishtirokchilar uchun quyidagi imkoniyatlar yaratiladi:
▪️ mehmonxona biznesi vakillari hamda sohaning asosiy ishtirokchilari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘rnatish;
▪️ oldindan muvofiqlashtirilgan B2B uchrashuvlarda ishtirok etish;
▪️ o‘z mahsulotlari, xizmatlari, uskunalari va texnologik yechimlarini taqdim etish;
▪️ potensial buyurtmachilarning ehtiyojlari bilan tanishish va ularga mos takliflarni ilgari surish;
▪️ yangi ishbilarmonlik aloqalarini shakllantirish va istiqbolli hamkorlik loyihalarini muhokama qilish.
“Uzbekistan Hospitality B2B Platform” mehmondo‘stlik industriyasidagi talab va taklifni o‘zaro bog‘lash, kompaniyalar o‘rtasidagi kooperatsiyani kengaytirish hamda amaliy biznes hamkorliklarni rivojlantirish uchun muhim professional muloqot maydoni bo‘lib xizmat qiladi.

