Britaniyaning nufuzli Golden Eagle Luxury Trains kompaniyasi The Great Silk Road by Train nomli yangi premium temiryo‘l turini taqdim etmoqda. 22 kunlik ushbu eksklyuziv marshrut Pekindan Toshkentgacha davom etib, Xitoy, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston hamda O‘zbekiston hududlari orqali o‘tadi. Qariyb 3860 kilometr masofani qamrab olgan mazkur yo‘nalish tarixiy meros, boy madaniyat va betakror manzaralarni o‘zida mujassam etadi.
Dastur Buyuk Ipak yo‘lining eng muhim obidalarini qamrab oladi. Jumladan, sayohatchilar Xitoydagi Taqiqlangan shahar va Buyuk Xitoy devori, shuningdek, Samarqand, Buxoro hamda Xiva kabi qadimiy shaharlarga tashrif buyuradi. Shu bilan birga, dastur doirasida Gobi cho‘lida tuya sayri, professional gidlar hamrohligidagi ekskursiyalar hamda mahalliy madaniyat bilan yaqindan tanishish imkoniyati ham nazarda tutilgan.
Marshrut ikki xususiy hashamatli poyezdda – Golden Eagle Silk Road Express va klassik Golden Eagle tarkiblarida amalga oshiriladi. Poyezdlarda keng va qulay kupelar (shaxsiy hammom bilan), restoran vagoni, lounge zonasi hamda yuqori darajadagi servis yo‘lga qo‘yilgan. Mazkur loyiha “relsdagi besh yulduzli mehmonxona” formatidagi sayohatni taklif etadi.
Sayohat narxi ikki kishilik joylashuvda taxminan 50 700 AQSH dollaridan boshlanadi (bir kishi uchun). Ushbu summaga yashash, ovqatlanish, ekskursiyalar, transferlar hamda sug‘urta xarajatlari kiradi. Birinchi reys 2026-yil 21-sentyabrdan 12-oktyabrgacha bo‘lgan muddatga rejalashtirilgan.
Mutaxassislar fikricha, ushbu loyiha O‘zbekistonning Buyuk Ipak yo‘li brendi sifatidagi mavqeini xalqaro miqyosda yanada mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda.

