Samarqand shahrida turizm infratuzilmasini rivojlantirish yo‘lida yana bir zamonaviy mehmonxona o‘z faoliyatini boshladi. Turizm xizmatlari sifatini oshirish maqsadida “DILIMAH PREMIUM LUXURY” mehmonxonasiga O‘zbekiston Respublikasi milliy standartlari asosida 4 yulduzli toifa berildi.
Mazkur qaror “Turizm xizmatlarini sertifikatlashtirish markazi” davlat muassasasi tomonidan tasdiqlandi.
“DILIMAH PREMIUM LUXURY” mehmonxonasi “DILIMAH” MChJga qarashli bo‘lib, Samarqand viloyati, Samarqand shahrida joylashgan. Mehmonxona zamonaviy talablar asosida barpo etilgan alohida bino hisoblanadi.
Mehmonxonaning nomerlar fondi 62 ta nomerdan iborat bo‘lib, 119 nafar mehmonni qabul qilish imkoniyatiga ega. Mehmonlar uchun standart, yarim lyuks va lyuks toifadagi nomerlar taklif etiladi. Barcha nomerlar zamonaviy mebel, texnik jihozlar va zarur inventarlar bilan ta’minlangan.
Baholash jarayonida xodimlarning o‘z xizmat vazifalarini bilishi, xizmat ko‘rsatish standartlariga rioya etishi hamda favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakat qilish ko‘nikmalari ijobiy baholandi.
Mehmonlar uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida mehmonxonada restoran, konferensiya zali, suzish havzasi, fitnes zali, turk va fin saunalari, karaoke xonasi hamda avtoturargoh faoliyat yuritadi. Shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulay va moslashtirilgan sharoitlar yaratilgan.
“DILIMAH PREMIUM LUXURY” mehmonxonasining ishga tushirilishi va milliy standartlar asosida sertifikatlanishi Samarqand shahrining turizm salohiyatini oshirish, hududda mehmonxona xizmatlari raqobatbardoshligini kuchaytirish hamda mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun yanada qulay muhit yaratishga xizmat qiladi.

