Joriy yilning 27-may kuni poytaxtimizdagi “Tashkent International” mehmonxonasida Turkiy davlatlar tashkilotiga a'zo mamlakatlar vazirlik va idoralari matbuot kotiblarining “Axborot xizmatlari 2024: milliy va xorijiy tajriba” mavzusida qo‘shma o‘quv-seminari o‘z ishini boshladi.
Tadbir O‘zbekiston tomoni tashabbusi bilan AOKA boshchiligida hamda TDT ko‘magida davlat organlari va tashkilotlari ochiqligini ta'minlash, turli feyk va yolg’on axborotga qarshi birgalikda kurashish masalalari yuzasidan tajriba almashish maqsadida tashkil etilmoqda.

Tadbirda Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston hamda O‘zbekistondagi davlat organlari va tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan 120 nafar dan ortiq matbuot kotibi ishtirok etmoqda.
Mazkur tadbirda “Turizm xizmatlarini sertifikatlash markazi” vakillari ham qatnashmoqda.
Qo‘shma o‘quv-seminari doirasida “Axborot xizmatlarining faoliyatini rivojlantirish borasida milliy tajriba almashinuvi” sessiya yig‘ilishida har bir davlat misolida davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyatining o‘ziga xos xususiyatlari to‘g‘risida ma'lumotlar almashiladi, muhokama va debatlar tashkil etiladi.

Shuningdek, TDTga a'zo mamlakatlar Axborot xizmatlari faoliyati bo‘yicha taqdimotlar bo‘lib o‘tadi.
Tadbirlar dasturiga ko‘ra “Media makonda milliy manfaatlar himoyasini tashkil qilishda axborot xizmatining vazifalari hamda inqirozli vaziyatlarda jamoatchilik aloqalarini yo‘lga qo‘yish”, “Zamonaviy media makonda axborot uzatishda sun'iy intellekt va ijtimoiy tarmoqlar platformalaridagi yangi imkoniyatlar” mavzularida media-treninglar o‘tkazish ham ko‘zda tutilgan. Eslatib o‘tamiz, o‘quv-seminari doirasidagi tadbirlar 30 mayga qadar davom etadi.

