Snohetta muhandislik byurosi, Asplan Viak, Arctic Adventures of Norway va Skanska kompaniyalari bilan birgalikda qutb ortida joylashgan ilk mustaqil energiyaga ega mehmonxona - Svartni yaratdi. U Shimoliy Norvegiyadagi Svartisen muzligi etagida joylashgan bo‘lib, mehmonxonaga uning nomi berilgan. Vaqt o‘tishi bilan Svart o‘zini o‘zi ta’minlaydigan energiya tejamkor eko-mehmonxonaga aylanishi kerak, u kerak bo‘lganidan ko‘ra ko‘proq elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Kompleks tarkibiga kiruvchi barcha tizimlarni, jumladan, organik xo‘jalik va suv transportini to‘liq elektr energiyasi bilan ta’minlash rejalashtirilgan.
Mehmonxonani yaratishda me’morlar Norvegiyaning an’anaviy qirg‘oq binolari - fiskehjell (baliq quritish inshooti) va rorbu (mavsumiy baliqchilar uyi) dan ilhomlangan. Bino qisman Holandsfjorden fyordi suvlariga botgan qattiq yog‘och ustunlar ustida joylashgan. Panoramali derazalar xonangizda turib bevosita shimol yog‘dusidan bahramand bo‘lish imkonini beradi.
Mehmonxona energiyasi uning tom qismida joylashgan quyosh panellari orqali ta’minlanadi. Yil davomida quyosh nurlarining tarqalishini o‘rganib chiqqan me’morlar bino uchun halqa shaklini tanlashdi. Xonalar va terassalar yilning qaysi fasli bo‘lishidan qat’i nazar, quyosh energiyasidan maksimal darajada foydalanish imkoniga ega. Bundan tashqari, tabiatga zararli ta’sirni minimallashtirish maqsadida mehmonxona yomg‘ir suvlarini yig‘ish va oqava suvlarni filtrlashning zamonaviy tizimlaridan foydalanadi.
Svart o‘z mehmonlariga 99 ta xona, Spa, sog'lomlashtirish klinikasi va to‘rtta restoranni taklif etadi. Menyudagi taomlarning aksariyati mahalliy organik mahsulotlardan tayyorlanadi. Faol dam olish dasturi muzlik tunnellarini o‘rganish, fyordlar bo‘ylab suzish, chuqur dengizda baliq ovlash va muzliklarga chiqishni o‘z ichiga oladi.

