2025-yil iyul oyi uchun inspeksiya nazorati rejasi tasdiqlandi. Unga binoan 56 ta joylashtirish vositalarida hamda 1 ta plyaj xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotda inspeksiya nazorati o‘tkaziladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 10-iyuldagi 433-sonli Qarori bilan tasdiqlangan “Turistik xizmatlarni sertifikatlashtirish va turistik industriya obyektlarini tasniflash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 49-bandiga binoan Turizm qo‘mitasi tomonidan sertifikatlashtirilgan xizmatlarni inspeksiya nazorati rejasi tasdiqlanadi.
Inspeksiya nazorati sertifikatlashtirish obyektida sertifikatlashtirish vaqtida belgilangan normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini tasdiqlash maqsadida davriy qayta baholash hisoblanadi.
Inspeksiya nazorati davomida joylashtirish vositalari O‘z DSt 3220:2023 davlat standarti, toifaga ega joylashtirish vositalari esa O‘z MSt 125:2024 milliy standarti hamda plyajlarni Oʻz DSt 13009:2020 davlat standarti talablariga muvofiqligi baholanadi.
Inspeksiya nazorati yakuni bo‘yicha turizm obyektlari tomonidan standart talablari bajarilmagan holatlarda sertifikatni amal qilishini to‘xtatib turish to‘g‘risida tegishli qaror qabul qilinadi.

