“VIP LOGISTICS” mas’uliyati cheklangan jamiyati qo‘shma korxonasining “tourquality.uz” sayti orqali topshirgan arizasiga asosan joriy yilning iyul oyida “Turizm xizmatlarini sertifikatlash markazi” DUK tomonidan “PYRAMIDS RESORTS” plyajida ko‘rsatilayotgan plyaj xizmatlari O‘z DSt 13009:2021 “Turizm xizmatlari. Plyaj faoliyatiga doir talablar va tavsiyalar” davlat standarti talablariga muvofiq sertifikatlashtirildi va tasniflandi.

“PYRAMIDS RESORTS” plyaji Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumani, Chorvoq suv ombori sohilida joylashgan bo‘lib bir vaqtning o‘zida 2000 nafar tashrif buyuruvchiga xizmat ko‘rsata oladi.
Baholash davrida plyaj davlat standarti talablari asosida tashkil etilganligi aniqlandi. Plyajda xavfsizlik va sanitariya normalari bo‘yicha vakolatli nazorat organlari tomonidan ijobiy xulosalar berilgan. Plyaj akvatoriyasi ishora qoziqlari, buylar, suvda qalqib turuvchi to‘siqlar bilan jihozlangan. Bolalar va suzishni bilmaydigan shaxslar uchun alohida chuqur bo‘lmagan maxsus ajratilgan joylar tashkil etilgan. Plyaj sohili tabiiy oq qum va mayda toshlardan iborat. Tashrif buyuruvchilar xavfsizligini ta’minlash Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining malakali xodimlari (qutqaruvchilar, g‘avvoslar va nazoratchilar guruhi) tomonidan to‘liq amalga oshiriladi. Favqulodda qutqaruv, tez tibbiy yordam va jamoat xavfsizligi punktlari tashkil etilib, tunu-kun ishlashi ta’minlangan. Sohilda qutqaruv post minoralari, qutqaruv anjomlari bilan jihozlangan punkt mavjud. Butun hudud bo‘ylab katta o‘lchamdagi plyaj sxemasi, davlat tilida yozilgan axborot ko‘rsatgichlari, xavfsizlik tartib qoidalari va ma’lumotlar yozilgan taxtachalar o‘rnatilgan.

Tashrif buyuruvchilar maroqli dam olishlari va qulay sharoit yaratish maqsadida soya joylar, soyabonlar, supalar, yotish o‘rindiqlari, hojatxona, dush, kiyim alamashtirish kabinalari bilan to‘liq ta’minlangan. Qumli plyaj futboli va volleybol maydonchasi tashkil etilgan. Plyajga tutash hududda kafe, restoran, yozgi ochiq basseyn, bolalar maydonchasi, salqin ichimliklar taqdim etuvchi mini barlar, chakana savdo do‘koni va boshqa ko‘ngilochar xizmatlar tashkil etilgan.


