Ma’lumki O‘zbekiston Respublikasining “Standartlashtirish to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq mamlakatimizda milliy standartlar amalga kiritilmoqda. Milliy standartlar O‘zMSt (O‘zbekiston Milliy Standarti) belgisiga ega bo‘ladi.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasi qoshidagi STQ 4 “Turizm va madaniy meros” standartlashtirish bo‘yicha texnik qo‘mita tomonidan O‘zMSt 125:2024 “Turizm xizmatlari. Joylashtirish vositalari. Balli tasniflash tizimi” milliy standarti ishlab chiqildi. Mazkur milliy standart O‘zbekiston standartlar institutining 2024-yil 28-fevraldagi 6/MSt-son buyrug‘i bilan qabul qilindi. Ushbu standart Oʻz DSt 3296:2023 “Turizm xizmatlari. Joylashtirish vositalari. Balli tasniflash tizimi” standarti o‘rniga qabul qilindi.
O‘zMSt 125:2024 milliy standarti mehmonxonalar va o‘xshash joylashtirish vositalari hamda ixtisoslashtirilgan (sanatoriy, dam olish uylari/markazlari/zonalari, kurortlar (resort)) joylashtirish vositalarini balli asosda tasniflash tizimini belgilaydi.
Toifalar “*” (yulduz) belgisi bilan belgilanadi va beshta toifa bo‘yicha tasniflanadi. Joylashtirish vositalari uchun – eng yuqori toifa “*****” (besh yulduz) va eng past “*” (bitta yulduz) hisoblanadi.
Joylashtirish vositalari mazkur milliy standartning ilovasiga muvofiq tasniflanadi. Bunda “m” bajarilishi majburiy bo‘lgan talablarni belgilaydi. Majburiy bo‘lmagan talablar bajarilganda esa qo‘shimcha ball beriladi. Ballar yig‘indisiga ko‘ra tegishli yulduz toifasi beriladi.
Mazkur milliy standart joriy yilning 28-mart sanasidan amalga joriy etiladi. Standart bilan quyidagi havola orqali tanishish mumkin:https://tourquality.uz/upload/iblock/e91/2j0irr04z4bsn9mal77dqfeirfydbuh0.pdf