2025-yil 21-noyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida”gi F-60-son farmoyishi imzolandi. Farmoyishda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramini yangi Oʻzbekistonning bunyodkorlik ruhiga hamohang tarzda nishonlashga alohida eʼtibor qaratilgan. Ushbu farmoyish ijrosini ta’minlash maqsadida “Turizm xizmatlarini sertifikatlash markazi” DMda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni munosabati bilan tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda yangi tahrirdagi Konstitutsiyada belgilangan xalq hokimiyatchiligi, inson qadri, erkinlik va tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik kabi ezgu g‘oyalarning yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarda o‘z aksini topayotgani ta’kidlab oʻtildi.

Konstitutsiyada Oʻzbekiston – suveren, demokratik, huquqiy va ijtimoiy davlat ekani qatʼiy belgilab qoʻyilgan. Inson huquq va erkinliklari qonunlarimizning, har bir vazirlik va idora faoliyatining mazmuniga aylanishi qatʼiy talab sifatida belgilangan. Bu hol davlat organlari hamda mansabdor shaxslarning faqat va faqat fuqarolarning manfaatlarini koʻzlab faoliyat koʻrsatishiga asos boʻladi.
Tadbir ishtirokchilari Konstitutsiyaning iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy-ma’naviy hayotning turli sohalarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va bu borada erishilayotgan natijalarni mustahkamlashdagi o‘rni va roli toʻgʻrisida fikr almashdilar.

