O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 10-iyuldagi 433-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Turistik xizmatlarni sertifikatlashtirish va turistik industriya obyektlarini tasniflash tartibi to‘g‘risidagi” Nizomining 48-bandiga asosan turizm sohasidagi sertifikatlashtirilgan obyektlarning amaldagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini tasdiqlash maqsadida davriy inspeksiya nazoratini o’tkazish belgilab qo‘yilgan.
Xususan, joriy yilning avgsut oyida “Turizm xizmatlarini sertifikatlash markazi” DUK tomonidan Toshkent shahri, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Jizzax, Navoiy, Andijon, Farg‘ona, Namangan, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida joylashgan 66 ta turizm obyektlarida inspeksiya nazorati o‘tkazildi. Jumladan, 50 ta mehmonxona, 5 ta yotoqxona, 6 ta dam olish zonasi va 5 ta sanatoriya.
Inspeksiya nazorati natijalariga ko‘ra, 43 ta tashkilotlarda kamchiliklar aniqlanib, sertifikatning amal qilishini to‘xtatib turish to‘g‘risidagi Markazning tegishli qarorlari qabul qilindi.
Eslatib o‘tamiz, inspeksiya nazorati vaqtida sertifikatlashtirish uchun taqdim qilingan hujjatlar dolzarbligi, yaratilgan sharoitlar saqlanib turilganligi va xodimlar malakasi qayta baholanadi.

