Dunyo hayotingizda kamida bir marta koʻrishga arziydigan ajoyib joylarga toʻla. Hatto eng ishtiyoqli sayohatchi ham oʻrganilmagan joylarni, mamlakatlarni va madaniyatlarni har doim topa oladi, chunki bizning sayyoramiz juda xilma-xildir.
Giza piramidalari. Dunyoda hozirgi kungacha saqlanib qolgan qadimgi yetti moʻjizadan yagonasi. Giza piramidalari dunyodagi eng qadimgi va eng katta piramidalardir. U Nil daryosi boʻyidagi qadimgi Giza shahridan Liviya choʻlining markaziga tomon taxminan 8 km uzoqlikda, Qohira markazidan taxminan 25 km janubi-gʻarbda joylashgan. Bu piramidalar qadimgi Misr podshohlari uchun qabr sifatida qurilgan. Eng katta Xeops piramidasining balandligi taxminan 140 metrga yetadi. U 2,5 million tosh blokdan qurilgan. Sayyohlar bu yerga me’moriy goʻzalliklar va tarixiy diqqatga sazovor joylardan bahramand boʻlish uchun kelishadi.

Buyuk Xitoy devori. Miloddan avvalgi III asrda qurilgan Xitoydagi eng mashhur diqqatga sazovor joy boʻlib, Xitoy chegarasi boʻylab joylashgan. Buyuk Xitoy devori - bu ulkan tosh istehkomidir. Buyuk Xitoy devorining barcha qismlarining umumiy uzunligi 21 196,18 kilometrni tashkil qiladi. Uning asosining kengligi olti-yetti metrga, tepa qismi esa besh metrga yaqin. Devorlarning balandligi olti metrdan sakkiz metrgacha teng, ma’lum bir tartibda qurilgan qoʻriqlash va mudofaa minoralari bilan oʻn metrga yetadi.

Kolizey. Bu Rim imperiyasi davridagi dunyodagi eng katta amfiteatr. Bu yerda gladiator janglari va boshqa koʻngilochar tadbirlar boʻlib oʻtgan. Kolizeyda gladiatorlar jangi miloddan avvalgi 435-yilgacha boʻlib oʻtgan. U 50 000 tomoshabinni sig‘dira oladi va 80 ta kirish joyiga ega. Kolizey bugungi kunda dunyodagi eng mashhur sayyohlik joylaridan biri boʻlib, har yili millionlab sayyohlar tashrif buyurishadi.

Akropol. Afina Akropoli qadimgi dunyo tarixi yaratilgan joylardan biridir. Bu yuqori shahar deb ataladigan qadimgi yunon shahrining baland va istehkomli qismidir. Qadimda bu yerda ibodatxonalar, ziyoratgohlar, teatrlar va galereyalar joylashgan. Xoʻjalik binolarida esa qamal holati uchun gʻazna, qurol-yarogʻ va oziq-ovqat saqlangan. Majmuaning asosiy binosi - Parfenon ulkan ibodatxona boʻlib, donolik va adolatli urush ma’budasi Pallad Afinaga bagʻishlangan.

Machu-Pikchu. “Yoʻqolgan shahar” Machu-Pikchu inklar madaniyatining dunyodagi eng mashhur va eng sirli yodgorligidir. Bu Janubiy Amerikaning eng mashhur joylaridan biri boʻlgan ajoyib joydir. U Ink imperiyasining poytaxti Kuskodan 100 km uzoqlikda, dengiz sathidan 2450 metr balandlikdagi togʻlarda joylashgan boʻlib And togʻlarida shu qadar yashirinki, ispan mustamlakachilari unga yetib bora olmaganlar. Machu-Pikchu atrofdagi landshaftga hayratlanarli darajada mos tushadi, shuning uchun uni koʻpincha “osmondagi shahar” yoki “bulutlar orasidagi shahar” deb atashadi. Sayyohlar bu yerga go‘zal tabiat va tarixiy obidalardan bahramand bo‘lish uchun kelishadi.

Eyfel minorasi. Eyfel minorasi Parijning ramzi va Fransiyaning eng taniqli diqqatga sazovor joyidir. Dastlab u vaqtinchalik qurilma sifatida moʻljallangan va 1889-yilgi Butunjahon Parij koʻrgazmasiga kirish joyi sifatida xizmat qilishi kerak edi. Minoraning balandligi 300 metrdan, ogʻirligi esa 10 ming tonnadan oshadi. Minorada bir nechta restoran va esdalik sovgʻalarini sotib olishin mumkin boʻlgan doʻkonlar joylashgan.

Toj Mahal. Hindistonning Agra shahrida joylashgan eng mashhur tarixiy yodgorligi. Toj Mahal dunyodagi eng goʻzal binolardan biri boʻlib, u imperator Shoh Jahon tomonidan uning rafiqasi Mumtoz Mahal xotirasiga qurilgan. Butun bino oppoq marmardan qilingan, binoning kvadrat shakldagi old tomonida yarim doira tokchalar bor va shu tufayli u kattaligiga qaramay, vaznsizdek koʻrinadi. Maqbaraning ichki devorlari boʻyalgan koshinlar, qimmatbaho va yarim qimmatbaho toshlar, marvaridlar bilan bezatilgan.

Big Ben. Londondagi Vestminster saroyining soat minorasi butun dunyoda Big Ben nomi bilan mashhur. Big Benda dunyodagi eng katta kurant joylashgan va u dunyodagi uchinchi eng baland soatli minora hisoblanadi. Big Ben gʻishtdan qurilgan 96 metr balandlikdagi bino boʻlib, ohaktosh va granit bilan qoplangan hamda tomi 3400 ta murakkab quyma temir “tangachalar”dan iborat. Big Ben soati dunyodagi eng aniq soatlardan biri ham hisoblanadi: mexanizm xatosi juda oz boʻlib - haftasiga 2 soniyadan koʻp emas.


