Mamlakatning turizm sohasini rivojlantirishning asosiy omillaridan biri – joylashtirish vositalarining mavjudligidir. Shuningdek ularning rang-barangligi ham muhimdir. Hozirgi kunda mamlakatimizda joylashtirish vositasining turli xillari joylashtirish xizmatini ko‘rsatadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida «Hududlarda turizm infratuzilmasini yaxshilash va xorijiy turistlar oqimini yanada ko‘paytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida sanatoriylarga yulduz toifasini berish topshirig'i belgilangan.

«Turizm xizmatlarini sertifikatlash markazi» DUKning 2024-yil 25-iyuldagi 184-son qaroriga muvofiq «Matlubotchi sanatoriyasi» MChJning «Tashthermal» sanatoriysiga 5 yulduz toifasi berildi. «Tashthermal» sanatoriysi Oʻz MSt 125:2024 milliy standarti talablariga muvofiq bo‘lib 430 ballni to‘pladi.
Sanatoriy dengiz sathidan 545 metr balandlikdagi manzarali joyda joylashgan. Nomer fondi 137 ta nomerdan iborat bo‘lib 254 ta tashrif buyuruvchini qabul qila oladi. Sanatoriy turli kasalliklardan sog‘liqni tiklash bo‘yicha o‘z xizmatlarini taklif qiladi. Bu yerda siz kardiologiya, endokrinologiya, nevrologiya, gastroenterologiya va boshqa tor doiradagi ixtisosliklar bo‘yicha davolash kurslarini olishingiz mumkin.

Shuningdek sanatoriyda restoran, konferens-zal, yopiq basseyn, sauna, sport zali, qishki bog‘ faoliyat yuritadi. Hovlida yashil daraxtlar va manzarali o‘simliklarga boy bo‘lgan yozgi bog‘, sport maydonchasi, amfiteatr, futbol maydoni, bolalar maydonchasi, fitnes uchun qurilmalar va yozgi ochiq basseyn mavjud.
«Tashthermal» sanatoriysi quyidagi manzilda joylashgan: Toshkent viloyati, Toshkent tumani, Ko‘ksaroy MFY, Shabnam ko‘chasi, 21-uy.


