O‘zbekiston Respublikasining “Turizm to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq, joylashtirish vositalari, tog‘ chang‘i trassalari va plyajlar majburiy ravishda sertifikatlashtiriladi. Turistik xizmatlarni sertifikatlashtirish ularning texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligi nuqtai nazaridan amalga oshiriladi hamda ushbu xizmatlarning xavfsizligi va sifatini ta’minlashga qaratiladi. Turistik xizmatlarni sertifikatlashtirish Turizm qo‘mitasi huzuridagi “Turizm xizmatlarini sertifikatlash markazi” DUK tomonidan amalga oshiriladi.
Joylashtirish vositalarini sertifikatlash Oʻz DSt 3220:2023 “Turizm xizmatlari. Joylashtirish vositalari. Umumiy talablar” davlat standarti talablariga muvofiq amalga oshiriladi. Mazkur davlat standarti joylashtirish vositalari va ular tomonidan taqdim etiladigan xizmatlarga doir umumiy talablarni belgilaydi. Joylashtirish vositalariga toifa berishda OʻzMSt 125:2024 “Turizm xizmatlari. Joylashtirish vositalari. Balli tasniflash tizimi” milliy standarti talablariga muvofiq sertifikatlashtirish amalga oshiriladi. Ushbu standart mehmonxonalar va oʻxshash joylashtirish vositalari hamda ixtisoslashtirilgan joylashtirish vositalarini balli asosda tasniflash tizimini belgilaydi. Toifalar «*» (yulduz) belgisi bilan belgilanadi va beshta toifa bo‘yicha tasniflanadi.
Tog‘ chang‘i trassalarini sertifikatlashtirish O‘z DSt 3459:2019 “Turizm xizmatlari. Tog‘ chang‘isi trassalari. Tasniflash tizimi” davlat standarti talablariga muvofiq amalga oshiriladi. Ushbu standart tog‘ chang‘isi trassalariga taalluqli va tog‘ chang‘isi trassalarini tasniflash tizimini belgilaydi. Tog‘ chang‘isi trassalari rang bilan belgilanadi va quyidagi toifalar bo‘yicha tasniflanadi: “yashil trassa” (past darajadagi murakkablik), “ko‘k trassa” (o‘rta darajadagi murakkablik), “qizil trassa” (yuqori darajadagi murakkablik), “qora trassa” (juda yuqori darajadagi murakkablik).
Plyaj faoliyatini sertifikatlashtirish Oʻz DSt 13009:2020 (ISO 13009:2015, MOD) “Turizm xizmatlari. Plyaj faoliyatiga doir talablar va tavsiyalar” davlat standarti talablariga muvofiq amalga oshiriladi. Ushbu standart turistlar va tashrif buyuruvchilarga xizmatlarni taklif qiluvchi plyaj operatorlari uchun umumiy talab va tavsiyalarni belgilaydi. Plyajlarni tasniflash uch toifa bo‘yicha amalga oshiriladi. I – plyajlarning yuqori toifasi, III – past toifasi. Plyaj toifasining belgisi tegishli rangdagi bayroq hisoblanadi.
I toifali plyaj – ko‘k bayroq;
II toifali plyaj – yashil bayroq;
III toifali plyaj – sariq bayroq.

