Oʻz DSt ISO 9001:2015 standarti boʻyicha sifat menejmenti tizimini sertifikatlashtirish ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish barqarorligini namoyish etadi. U kompaniyaning xalqaro standartlar bilan belgilangan talablarga qat’iy rioya qilishini va bajarishini tasdiqlaydi.
Shu munosabat bilan, 2023-yil sentyabr oyida "Turizm xizmatlarini sertifikatlash markazi" DUK tarkibidagi menejment tizimlarini sertifikatlashtirish organi Samarqand shahrida joylashgan “Samarkand Touristic Centre” MChJga qarashli “Samarkand Regency Amir Temur” va “Silk Road by Minyoun” mehmonxonalarida Oʻz DSt ISO 9001:2015 standarti boʻyicha sifat menejmenti tizimini sertifikatlashtirishni amalga oshirdi. Yuqori rahbariyat va xodimlar, xususan, sertifikatlashtirish ishlari boʻyicha mas’ul, “Brendlash va sertifikatlashtirish” boʻlimi boshligʻi Mamasadikov Behruz, sertifikatlashtirish auditidan muvaffaqiyatli oʻtib, yuqori sifat va xalqaro standartga muvofiqligini namoyish etdilar.
Silk Road Samarkand - bu nafaqat Samarqandning, balki butun Markaziy Osiyoning zamonaviy diqqatga sazovor joyiga aylanishi uchun moʻljallangan koʻp tarmoqli sayyohlik majmuasidir. Majmua madaniy, gastronomik, tibbiy va biznes turizm obyektlarini birlashtiradi. Markaz hududida jahon darajasidagi mehmonxonalar, profilli butik mehmonxonalar, zamonaviy jamoat joylari, bogʻlar, dam olish va sport zonalari, restoranlar, kafelar va barlar, shuningdek xalqaro kongress markazi va madaniy ahamiyatga ega obyektlar joylashgan.
Oʻz DSt ISO 9001:2015 standart talablariga muvofiq sertifikatlashtirishdan oʻtish va sertifikat olish tashkilotning samarali sifat menejmenti tizimiga ega ekanligini va oʻz mijozlarining ehtiyojlari va umidlarini qondirishga qodirligini tasdiqlaydi va iste’molchilarga koʻrsatiladigan xizmatlar standartlarga javob berishiga ishonch beradi, bu esa olingan muvofiqlik sertifikati bilan tasdiqlanadi.