2024-yil 23-oktabr kuni “O‘zbekistonda hamkorlik tashabbuslari haftaligi” hamda “O‘zbekistonda xalqaro madaniy meros haftaligi” doirasida “Yashil o‘sish va barqaror turizm” sessiyasi tashkil qilindi va ushbu sessiyada “Turizm xizmatlarini sertifikatlash markazi” DUK xodimlari ishtirok etdilar.
Tadbirda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirining o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov, GGGI Markaziy Osiyo mintaqaviy ofis rahbari Aaron Rassel, BMTning (UN) Tabiatni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik va moliyalashtirish masalalarini rivojlantirishni muvofiqlashtiruvchi eksperti Rusyan Jill Mamiit, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyatining (GIZ) O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Yoaxim Frits, BMT Turizm tashkiloti Texnik hamkorlik va Ipak yo‘li departamenti direktori Jeymi Mayaki, Turkiyaning Alaniya universiteti Turizm fakulteti professori Kemal Kantarji, Yaponiyaning Mixo muzeyi katta ilmiy xodimi Sergey Laptev va boshqalar ishtirok etdi.
Sessiya davomida vazirlik tomonidan yashil o‘sish va barqaror turizmni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda samarali xalqaro hamkorliklarga alohida to‘xtalib o‘tildi. Ekologiya vaziri o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov keyingi yillarda O‘zbekistonda ekologiya va turizm sohalarida tizimli ravishda amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi. Xorijlik ekspertlar sohaga oid ma’ruzalarini taqdim etishdi. Xususan, Aaron Rassel atrof-muhitni strategik baholash va uning barqaror turizm uchun ahamiyatiga to‘xtaldi. Turkiyaning Alaniya universiteti Turizm fakulteti professori Kemal Kantarji “O‘zbekistonda turizm barqarorligi va iqlim o‘zgarishi asosiy tahdid sifatida” mavzusida ma’ruza qildi.
Tadbir yakunida mavzuga oid savol-javoblar, muhokamalar o‘tkazildi.

