O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 18-apreldagi 218-son qarori bilan “Surxondaryo viloyatida yangi mehmonxona qurish va uni jihozlash uchun investorlarga O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjetidan subsidiya ajratish tartibi to‘g‘risidagi vaqtinchalik nizom” tasdiqlangan.
Qarorga ko‘ra, 2024-yil 1-maydan 2026-yil 31-dekabrga qadar Surxondaryo viloyatida investorlar tomonidan yangi mehmonxona qurish va uni jihozlash (rekonstruksiya qilish bundan mustasno) xarajatlarining bir qismini qoplash uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjetidan bir martalik subsidiya ajratiladi.
Subsidiya yangi tashkil etilgan va 2024-yil 1-maydan 2026-yil 31-dekabrga qadar bo‘lgan muddatda berilgan muvofiqlik sertifikatiga ega bo‘lgan mehmonxonalarga beriladi. Subsidiya mehmonxonaning toifasi va xonalar sonidan qat’i nazar ajratiladi.
Investor subsidiya olish uchun O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksida nazarda tutilgan soliq va yig‘imlar bo‘yicha qarzdorligi bo‘lmasligi hamda bankrotlik yoki tugatish jarayonida bo‘lmasligi lozim.
Subsidiya quyidagi miqdorlarda ajratiladi:
toifasiz mehmonxonadagi har bir xona uchun — 15 mln so‘m;
1 yulduzli toifaga ega mehmonxonadagi har bir xona uchun — 20 mln so‘m;
2 yulduzli toifaga ega mehmonxonadagi har bir xona uchun — 25 mln so‘m.
Bunda mehmonxona kamida ikki qavatdan iborat bo‘lishi lozim.
3, 4 va 5 yulduzli toifaga ega mehmonxonalarga subsidiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Turizm yo‘nalishidagi islohotlarni yanada jadallashtirish va sohada davlat boshqaruvi tizimini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2023-yil 27-iyuldagi PQ-238-son qaroriga muvofiq ajratiladi.
Subsidiya olish uchun arizalar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali qabul qilinadi.

