Joriy yilning 5-iyun kuni “International” mehmonxonasida Shveysariyaning VET4UZ loyihasi doirasida Swisstainable dasturi bo‘yicha yuqori darajadagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda Shveysariyaning Lyutsern amaliy fanlar va sanʼat universiteti qoshidagi Turizm va mobillik instituti, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi, Shveysariyaning Oʻzbekistondagi elchixonasi, Turizm qoʻmitasi, “Turizm xizmatlarini sertifikatlash markazi” DUK, Turizmni rivojlantirish instituti va turizm sohasining boshqa vakillari ishtirok etdi.
Shveysariya elchixonasi missiyasi rahbari oʻrinbosari, hamkorlik boʻlimi boshligʻi Raxel Bosh ishtirokchilarni qutladi va kirish soʻzi bilan chiqdi.
Butunjahon turizm tashkiloti ma’lumotlariga koʻra, barqaror turizm “turistlar, turizm industriyasi, atrof-muhit va mezbon jamiyatning ehtiyojlarini qondirish bilan birga oʻzining joriy va kelajakdagi iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik ta’sirini toʻliq hisobga oladigan turizm” deb ta’riflanadi.
Uchrashuv davomida Turizm va mobillik instituti professori Urs Vagenseyl barqaror turizmni rivojlantirishning mumkin bo‘lgan yondashuvi sifatida “Swisstainable” tashabbusini hamda Barqaror turizm boʻyicha global kengash (GSTC) standartlarini tanishtirdi. Uchrashuvda O‘zbekistondagi turizm sohasidagi so‘nggi o‘zgarishlar ham koʻrib chiqildi.
Uchrashuv so‘ngida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. Xususan, oʻzbek mehmondoʻstligi sohasida barqaror tashabbuslar uchun dastur va sharoitlar, asosiy idoralar hamda kelgusidagi chora-tadbirlar rejasi muhokama qilindi.

