Toshkent - ko‘p yillik tarixga ega qadimiy va zamonaviy rivojlanayotgan megapolis shaharlardan biri. Tashrif buyuruvchi sayyohlar oqimi ham buni yaqqol misolidir. Toshkent shahrida sayyohlar uchun diqqatga sazovor joylar juda ko‘p. Misol uchun Toshkent metropoliteni, Toshkent teleminorasi, Eski Juva (Chorsu) dehqon bozori, Hazrati Imom majmuasi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi va boshqa o‘nlab joylarni keltirishimiz mumkin.
Poytaxtning tashrif qog‘oziga aylangan maskanlardan biri bu - Toshkent metropolitenidir. Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan metro yoʻllari va bekatlar qurilishi 1972-yil iyul oyida boshlangan. 1977-yil 6-noyabrda dastlabki bekatlar foydalanishga topshirilgan. Bugungi kunda Toshkent metropoliteni umumiy uzunligi 67.2 km bo‘lgan 4 ta yo‘l va 50 ta bekatni o‘z ichiga olgan yer osti va yer usti yo‘llaridan iborat. Har bir bekat o‘z nomiga monand tarzda noyob dizayn va arxitektura uyg‘unligida bunyod etilgan.
1. Chilonzor yo‘li uzunligi 23.7 km bo‘lgan 17 ta bekatdan tashkil topgan. Shundan 12 ta bekatlardan (Olmazor, Chilonzor, Mirzo Ulugʻbek, Novza, Milliy bogʻ, Xalqlar do‘stligi, Paxtakor, Mustaqillik maydoni, Amir Temur xiyoboni, Hamid Olimjon, Pushkin, Buyuk ipak yoʻli) iborat 16.8 km lik yer osti yo‘li va 5 ta bekatlardan (Choshtepa, O‘zgarish, Sergeli, Yangihayot, Chinor) iborat 6.9 km lik yer usti yo‘li.
2. O‘zbekiston yo‘li 11 ta bekatlardan (Beruniy, Tinchlik, Chorsu, Gʻafur Gʻulom, Alisher Navoiy, Oʻzbekiston, Kosmonavtlar, Oybek, Toshkent, Mashinasozlar, Doʻstlik) iborat 14.3 km lik yer osti yo‘lidan iborat.
3. Yunusobod yoʻli 8 ta bekatlardan (Mingoʻrik, Yunus Rajabiy, Abdulla Qodiriy, Minor, Bodomzor, Shahriston, Yunusobod, Turkiston) iborat 10.5 km lik yer osti yo‘lidan iborat.
4. O‘zbekiston mustaqilligining 30-yilligi yo‘li 14 ta bekatlardan (Texnopark, Yashnobod, Tezul, Olmos, Rohat, Yangiobod, Qo‘yliq, Matonat, Qiyot, Tolariq, Xonobod, Quruvchilar, Turon, Qipchoq) iborat 18.7 km lik yer usti yo‘lidan iborat.

