Markaziy Osiyoda ipak tayyorlash uzoq tarixga ega boʻlib mintaqaning boy madaniy merosini aks ettiradi. “Atlas” soʻzi arabcha “silliq” degan ma’noni anglatadi. Klassik anʼanaviy oʻzbek matosi boʻlgan xon atlas oʻzbek ipak qurti pillasidan tayyorlanadi. Oʻz tabiatiga koʻra, atlas maxsus toʻquv turiga, yaltiroq va silliq yuzaga ega boʻlgan zich ipak matodir. Kamalak jiloli ipak matosi madaniy merosga aylanib, o‘zbek an’analarining ajralmas qismi hisoblanadi. Milliy oʻzbek kiyimini xon atlassiz tasavvur qilib boʻlmaydi.
Qadim zamonlardan Buyuk Ipak yoʻli Oʻzbekiston hududidan oʻtib, sharq va gʻarbni bogʻlab kelgan. Xitoydan ipak va ipak mahsulotlari keltirilar edi. Vaqt oʻtishi bilan mahalliy aholi ham ipak ishlab chiqarishni oʻrgandi. Xon atlas ishlab chiqarishda hunarmandlar tabiiy bo‘yoqlardan: piyoz po‘stlog‘i, anor po‘stlog‘i, roʻyan, o‘simliklarning meva va barglari, ildizidan olingan ekstraktlar hamda boshqalardan foydalanadilar. Atlas tayyorlash hunari avloddan-avlodga o‘tib kelgan va ayrim an’analar bugungi kungacha ham saqlanib qolgan.

Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi tomonidan milliy liboslarimizda xalqimizning ming asrlik oʻtmishi, urf-odat va an’analari, didi, estetik qarashlari shuningdek, oʻziga xos xususiyatlari mujassamligini namayon etish, milliy qadriyatlarimizni mazmunan boyitish maqsadida “Xon atlas” festivalini oʻtkazish an’anaga aylandi. “Turizm xizmatlarini sertifikatlash markazi” DUK da ham festival doirasida tadbir o‘tkazildi. Ushbu uyushtirilgan tadbirda Markazda faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar faol ishtirok etdilar. O‘zaro muloqot chog‘ida milliy qadriyatlarimizning bir bo‘lagi sanalgan atlasni asrab-avaylash, o‘zbekona kiyinish madaniyati haqida so‘z bordi. Qatnashchilar atlas haqida atroflicha tushunchaga ega bo‘lishdi, milliy qadriyatlar, urf-odatlarimizga oid bilimlarini boyitdilar.

