2024-yilning oktabr oyi uchun O‘zbekiston bo‘ylab turizm sohasida joylashtirish vositalariga inspeksiya nazorati o‘tkazish rejasi tasdiqlandi.
Mazkur rejaga ko‘ra, mamlakatdagi 71 ta joylashtirish vositasida inspeksiya nazorati amalga oshiriladi. Ushbu tadbir O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 10-iyuldagi 433-sonli Qarori bilan tasdiqlangan “Turistik xizmatlarni sertifikatlashtirish va turistik industriya obyektlarini tasniflash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 49-bandiga asosan olib boriladi.
Inspeksiya nazorati O‘zbekiston Respublikasi “Turizm xizmatlarini sertifikatlash markazi” DUK tomonidan amalga oshiriladi. Bu jarayon, joylashtirish vositalarida sertifikatlashtirish vaqtida belgilangan normativ hujjatlar talablariga muvofiqlikni qayta baholash va tasdiqlash maqsadida tashkil etiladi. Nazorat jarayonida joylashtirish vositalarining O‘z DSt 3220:2023 davlat standarti va toifaga ega joylashtirish vositalarining esa O‘z MSt 125:2024 milliy standartlariga muvofiqligi baholanadi.
Inspeksiya nazorati yakunlari asosida joylashtirish vositalari tomonidan standart talablari bajarilmagan hollarda, ularning sertifikatlari amal qilishini to‘xtatib turish bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilinadi. Shu bilan birga, sertifikatlashtirilgan obyektlar tomonidan barcha talablar bajarilgan taqdirda, ularning sertifikatlari amal qilish muddatlari tasdiqlanadi va joylashtirish vositasi mehmonxona xizmatlarini ko'rsatilishi davom ettiriladi.

