Abulqosim Madrasasi – Abulqosim eshon, Ma’dixon qozi, Yangi mahalla madrasasi deb ham atalgan. O‘rta Osiyo me’morligi an’analarida qurilgan. U Abulqosim eshon tomonidan 1850-yilda qurdirilgan, shu sababli uning nomi bilan ataladi. Binoning eng eski qismi – xonaqohi Mo‘yi Muborak Abulqosimning otasi Eshonto‘raxon tomonidan 1820-yilda bunyod etilgan. Abulqosim madrasasi dastlab bir qavatli bo‘lgan. O‘ziga tutashgan masjid va hammom bilan birga qadimgi Beshyog‘och dahasidagi mahalla guzarini tashkil qilgan. 1864-yil hovli qismida ikkinchi qavati qurilgan.
Binoni bezashda asosiy e’tibor bosh tarafga qaratilgan. U pishiq g‘ishtdan ikki qavatli qilib, sharqqa qaratib qurilgan. Bosh tarafining o‘rta qismida madrasa devori 1,82 m ga koʻtarilgan va balandligi 16 m li peshtoq ishlangan. Uning ikki yonida minora qad ko‘tarib, ularning tepa qismida XVI – XVII asrlarga xos mezana joylashgan. Peshtoqning old va yon tomonlari (to dahana asosigacha) va devorning kungurador qismi silliq g‘ishtdan tekis qilib ishlangan. Uning yuqori qismi esa sharaf va kitob bilan bezatilgan.
Madrasaga kirish joyidan chap va o‘ng tomonda darsxonalar bo‘lgan. Hovlining chap tomonida hammomga va o‘ng tomonida Abulqosim Eshon hovlisiga olib chiquvchi yo‘lakchalar bo‘lgan. Hovli o‘rtasida sardoba, to‘rda esa Mo‘yi Muborak xonaqohi (6,1x6,1 m) joylashgan. Madrasa chortoq tarhli (55x46 m), hovlisi (22x28 m), atrofida miyonsaroy, darsxona va xonaqohlardan tashqari shahar tashqarisidan kelib o‘qiydigan talabalarga mo‘ljallangan 60 dan ortiq hujralari bo‘lgan.
Abulqosim madrasasida Abdulla Qodiriy, Munavvarqori Abdurashidxonov, Gʻulom Zafariy va Abdurauf Fitrat ma’lum vaqt tahsil olganlar.
1919-yilda barcha diniy tashkilotlar qatorida madrasa ham yopilgan. Madrasa oldidagi hovuz va madrasaning o‘ng tomonidagi hammom 1940-yilda, chap tarafidagi ustunli masjid 1981-yilda buzilgan. 1946-yilda ro‘y bergan kuchli Chоtqol zilzilasi Abulqosim madrasasini qattiq shikastlantirdi. 1974-yilda madrasaga Toshkent qo‘g‘irchoq fabrikasining filiali joylashtirildi. Natijada bino tanib bo‘lmas darajada xaroba holga kelib qoldi.
Abulqosim madrasasi 1982–87-yillar davomida qayta ta’mirlandi. 1983-yildan madrasada O‘zbekiston tarixiy va madaniy yodgorliklarni muhofaza qilish jamiyatining Toshkent bo‘limi, 1996-yildan Xalqaro «Oltin meros» xayriya jamg‘armasining Toshkent shahri bo‘limi va uning xalq amaliy san’atiga ixtisoslashtirilgan Ustoz-shogird yo‘nalishidagi maktabi joylashgan.