Ilmiy turizm - bu sayohatni tadqiqot qilish va ilm olish faoliyati bilan birlashtiradigan ta’limiy dam olish shaklidir. Unda sayyohlar moddiy foydaga erishmagan holda ilmiy dasturlarda ishtirok etish maqsadini koʻzlaydilar. Ilmiy turizm sayohat va fanning sintezidir. Sayohat davomida sayyohlar ilgʻor laboratoriyalarga va noyob ilmiy muassasalarga tashrif buyurish, ilmiy kashfiyotlar qilgan odamlar bilan shaxsan tanishish imkoniyatiga ega boʻladilar. Sayyohlar aksariyati shu paytgacha keng jamoatchilik uchun yopiq boʻlgan noyob ilmiy muassasalarga tashrif buyurishlari mumkin. Sayyohlar fan-texnika yutuqlarini nafaqat ekskursiya gidlarini tinglash, balki ma’ruza, ko‘rgazma va tajribalarda qatnashish orqali ham bilib oladilar.
Ilmiy turizmning asosiy maqsadlaridan biri ilm-fanni keng omma orasida ommalashtirishdan iborat. Odamlar nafaqat yangi tajribalarni, balki bilim beradigan mazmunli sayohatni ham izlaydilar. Ilmiy sayohatlar chekka hududlarni rivojlantirish, sayyohlar va sarmoyalarni jalb etishga xizmat qilmoqda. Ayniqsa ma’lumotlar haddan tashqari koʻp boʻlgan hozirgi davrda odamlar ilm-fanni amaliyot orqali oʻrganadilar.
Ilmiy turizmning ikki turi mavjud, bu ilmiy korxonaning dala otryadi tarkibida tashkil etilgan ekspeditsiya turizmi va vakolatli tashkilotlarga murojaat qilmasdan sayyohlarning oʻzi tomonidan mustaqil ravishda tashkil etiladigan turizm. Ekspeditsiya ilmiy turizmida turistlar bevosita ilmiy ekspeditsiyalar tarkibida ishlaydi. Ular arxeologik qazishmalarda, qadimiy yodgorlik va inshootlarni tiklashda, o‘tgan davrlarda yo‘qolgan ekspeditsiyalarni qidirishda, qadimiy bayramlar, marosimlar va raqslarni qayta tiklashda, qo‘riqxonalarda noyob hayvonlarni kuzatishda, boshqa dala ishlari va ilmiy tadqiqotlarda ishtirok etishlari mumkin.
Mustaqil tadqiqotlar - ishqibozlar guruhlari tomonidan xavf-xatarlarga qaramasdan kam oʻrganilgan hududlarga sayohat qilish, tashlandiq yoki odam oyogʻi etmagan joylarga tashrif buyurish, gʻorlar, aholi yashagan manzilgohlar qoldiqlari, choʻkib ketgan kemalarni qidirish va barchasi haqida keng jamoatchilikka yetkazish uchun videofilmlarni suratga olishdan iborat. Ushbu turdagi turizm ekstremal sayohatni sevuvchi ishqibozlar uchun mos keladi.

