2026-yil 27-yanvarda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasinig 29-son qarori bilan “Yangi zamonaviy suzish havzalarini (basseyn) qurish va ishga tushirish bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning Maʼmuriy reglamenti” qabul qilindi.
Ushbu Maʼmuriy reglament yangi zamonaviy suzish havzalarini (basseyn) qurish (mavjud suzish havzalarini rekonstruksiya qilish bundan mustasno) va ishga tushirish bilan bogʻliq xarajatlarni Oʻzbekiston Respublikasi Turizm qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda — Qoʻmita) huzuridagi budjetdan tashqari Turizmni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplash tartibini belgilaydi.
Xarajatlarni qoplash uchun mablagʻlar Davlat xizmatlari markazlari yoki Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali Qoʻmita tomonidan ajratiladi.
Bunda mablagʻlar 2026-yil 1-fevraldan boshlab 2028-yil 1-yanvarga qadar suzish havzalarini tashkil etish xarajatlarining 50 foizigacha, lekin 100 million soʻmdan oshmagan qismi uchun ajratiladi.
Xarajatlarni qoplash uchun arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinishi lozim:
- suzish havzasining loyiha hujjatlari nusxasi;
- suzish havzasini qurish va ishga tushirish uchun tuzilgan pudrat shartnomasi nusxasi;
- shartnomaga asosan toʻlov amalga oshirilganini tasdiqlovchi elektron hujjat (hisobvaraq-faktura, kassa yoki terminal apparati cheklari, bank toʻlov hujjatlari va boshqalar) nusxalari.
Xarajatlar bitta talabgorga bitta suzish havzasi uchun bir marta qoplab beriladi.
Maʼmuriy reglamentning toʻliq matni bilan https://lex.uz/uz/docs/-8021028 orqali tanishishingiz mumkin.

