Bugungi kunda xizmatlar koʻrsatish sohasida sifatni boshqarish masalalari iqtisodiy manfaatlarning markazida turibdi. Korxonalarda xalqaro amaliyot, ilgʻor gʻoyalar va zamonaviy sifat menejmenti usullarini qoʻllash juda muhim va dolzarbdir. Menejment tizimini sertifikatlash - bu tashkilotning menejment tizimining ma’lum xalqaro ISO standartlariga muvofiqligini baholash jarayonidir. Standart boʻyicha sertifikatlashtirish nafaqat korxonani boshqarish tizimini soddalashtirish va uni yanada samarali qilish, balki iqtisodiy samara olish imkonini ham beradi.

“Turizm xizmatlarini sertifikatlash markazi” DUK tarkibidagi menejment tizimlarini sertifikatlashtirish organi Toshkent shahrida joylashgan “ANVAR HALOL HOTEL” MChJga qarashli “AL ANVAR” mehmonxonasi
Oʻz DSt ISO 9001:2015 standarti boʻyicha sifat menejmenti tizimini sertifikatlashtirishni amalga oshirdi. Yuqori rahbariyat va xodimlar sertifikatlashtirish auditidan muvaffaqiyatli oʻtib, yuqori sifat va standartga muvofiqligini namoyish etdilar.

Samarali menejment tizimi iste’molchilarning talablarini doimiy ravishda qondirish va minimal xarajatlar bilan mahsulot va xizmatlarni etkazib berish imkonini beradi. Zamonaviy yuqori raqobatbardosh global iqtisodiyot sharoitida menejment tizimining mavjudligi barqaror muvaffaqiyatga erishish uchun zarur shartdir. “AL ANVAR” mehmonxonasi Oʻz DSt ISO 9001:2015 standart talablariga muvofiq sertifikatlashtirishni oʻtkazish davomida samarali sifat menejmenti tizimiga ega ekanligini va oʻz mijozlarining ehtiyojlari va umidlarini qondirishga qodirligini tasdiqlaydi va iste’molchilarga koʻrsatiladigan xizmatlar normativlarga javob berishiga ishonch beradi, bu esa olingan muvofiqlik sertifikati bilan tasdiqlanadi.


