Sayohat - bu yangi joylarni koʻrish, taassurotlar olish va yangi tanishlar orttirish imkoniyatidir. Deyarli barcha odamlar sayohat qilishni yaxshi koʻradilar. Yangi joylar, yangi tajribalar, yangi tanishlar. Har kim har xil sayohat qiladi: kimdir samolyotda, kimdir poezdda, kimdir mashinada sayohat qiladi. Ba’zi odamlar sayohat qilish joyi haqidagi ma’lumotlarni internetda oʻqiydilar, kimdir rejalashtirilgan turni sotib oladi, ba’zilari esa tavakkaliga sayohat qiladi. Ammo shaharlar va diqqatga sazovor joylar haqida ma’lumotni turizm axborot byurolaridan olish mumkinligini hamma ham bilmaydi.
Turizm axborot byurosi — bu mehmonlarga mahalliy turistik mahsulotlar, diqqatga sazovor joylar, mintaqaning tarixiy maskanlari, tadbirlar, ekskursion yo‘nalishlari, transport, xarid qilish, ko‘ngilochar tadbirlar va boshqalar haqida ma’lumot taqdim etuvchi servis xizmatlaridir. Asosiy turizm axborot byurolari aeroportlar, vokzallar, tarixiy majmualar, shahar markazlari va savdo markazlarida joylashgan boʻladi. Turizm axborot byurolarining foydalanuvchilari asosan mustaqil sayohat qiluvchi turistlar hisoblanadi. Kimdir logistika masalalari bilan qiziqsa, kimdir tarixiy diqqatga sazovor joylar haqida ma’lumot so‘raydi, uchinchisi esa mehmonxona topishda yordam so‘raydi.
Turizm axborot byurosi lotincha “i” harfi bilan koʻrsatilgan boʻladi, ammo ba’zida belgilarning boshqa variantlari boʻlishi ham mumkin. Bunday byurolarning ish vaqti sayyohlar oqimiga bogʻliq: butun yil davomida ishlaydi yoki faqat “yuqori mavsumda”.
Mulkchilik shakliga koʻra turistik axborot byurolari quyidagilar boʻlishi mumkin:
• Shahar (munitsipal)
• Xususiy (tijorat)
• Jamoat tashkilotlari
• Turizm korxonalari uyushmalariga tegishli.
Ma’lumki, biror bir mamlakatga kelgan odamlar turizm axborot byurosiga murojaat qilishadi, chunki bu yerda ular tasdiqlangan, ishonchli ma’lumotlarni olishlari mumkin. Turizm axborot byurosi - bu mintaqaning mehmondoʻstligi va turli toifadagi mehmonlar bilan ishlashga tayyorligini tavsiflovchi turistik xizmat koʻrsatishning sifatli darajasidir.

