Standart — faoliyatning har xil turlariga yoki ularning natijalariga taalluqli bo‘lgan, umumiy va ko‘p marta foydalanish uchun standartlashtirish obyektiga doir normalar, qoidalar, talablarni belgilaydigan hamda muayyan sohada tartibga solishning eng maqbul darajasiga erishishga qaratilgan normativ texnik hujjat.
O‘zbekiston Respublikasining “Standartlashtirish to‘g‘risida”gi Qonunining 17-moddasiga muvofiq O‘zbekistonda standartlarning quyidagi toifalari amal qiladi:
- milliy standartlar;
- xalqaro (mintaqaviy) standartlar;
- xorijiy mamlakatlarning standartlari.
Milliy standartlar ushbu Qonunda nazarda tutilgan vazifalarni amalga oshirish uchun standartlashtirish rejasi asosida ishlab chiqiladi va O‘zMSt (O‘zbekiston Milliy Standarti) belgisiga ega bo‘ladi.
Milliy standartlar ilmiy tadqiqotlarning (sinashning) va o‘lchashning natijalari; ilm-fan va texnika yutuqlari; mahsulotning yangi turlarini, jarayonlarni va xizmatlarni qo‘llash orqali orttirilgan amaliy tajriba; xalqaro (mintaqaviy) standartlar va xorijiy mamlakatlarning standartlari hamda standartlashtirish obyektiga doir talablarni belgilaydigan boshqa hujjatlarni inobatga olingan holda ishlab chiqiladi.
Xalqaro (mintaqaviy) standart — standartlashtirish bo‘yicha xalqaro (mintaqaviy) tashkilot doirasida qabul qilingan standart. Xalqaro (mintaqaviy) standartlar O‘zbekiston Respublikasining milliy standartlari shaklida, davlat tilida va standartning asli yozilgan tillardan birida qabul qilinadi.
Xorijiy mamlakatning standarti — xorijiy davlatning standartlashtirish bo‘yicha vakolatli organi tomonidan qabul qilingan standart. Respublikada xorijiy mamlakatlarning standartlarini qabul qilish mazkur mamlakatlar bilan tuzilgan kelishuv va/yoki bitimlarga muvofiq standartning identifikatsiya raqamini saqlagan holda davlat tilida hamda standartning asli yozilgan tillardan birida to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llash yo‘li bilan amalga oshiriladi. Xorijiy mamlakatlarning standartlashtirish bo‘yicha vakolatli organlaridan olingan ushbu mamlakatlarning standartlarini qo‘llash to‘g‘risidagi rozilik respublikada xorijiy mamlakatlarning standartlarini qabul qilish uchun asos hisoblanadi.
Standartlar ularni amalga kiritish to‘g‘risida qaror qabul qilingan kundan boshlab uch oydan kechikmay kuchga kiradi.
Amaldagi milliy standart o‘rniga standart qabul qilingan taqdirda o‘n ikki oydan ko‘p bo‘lmagan o‘tish davri nazarda tutiladi.