Zamonaviy sayyohlar uchun gavjum dam olish maskanlari va oddiy attraksionlardan koʻra, tabiat qoʻynidagi dam olish afzalroq boʻlib bormoqda. Borgan sari shahar aholisi tabiat maskanlarida sayohat qilishni va odamlar gavjum joydan uzoqda boʻlishni afzal koʻrmoqda. Glamping - ochiq havoda dam olish uchun ideal variant. “Glamping” soʻzi inglizcha “glamorous camping” soʻzlaridan kelib chiqqan. Ushbu turdagi dam olish birinchi marta 2005-yilda Buyuk Britaniyada mashhur boʻlib, keyin butun dunyoga tarqaldi.
Glamping - bu ekoturizm zonasi boʻlib, mehmonxonaning “hashamatli” elementlari bilan tabiatda uyushtirilgan qulay dam olishni oʻz ichiga oladi. Glamping sizga tabiat qoʻynida barcha qulayliklarga ega boʻlgan yashash imkonini beradi. Mehmonlar yotoqlari, elektr energiyasi va koʻpincha internetga ega jihozlangan chodirlarda yoki uylarda joylashtiriladi. Hududda odatda hojatxona va dush mavjud boʻladi, eng zamonaviy glamping hududlarida esa xonaga hatto tayyor ovqat olib kelinadi.
Glamping uchun eng chiroyli va koʻpincha borish qiyin boʻlgan joylarni tanlanadi. Katta mehmonxonalarga nisbatan dam oluvchilar juda kam boʻladi. Glamping faqat bir nechta chodirdan iborat boʻlishi ham mumkin. Ular qirgʻoqlarda, oʻrmonlarda, togʻlarda, choʻllarda, milliy bogʻlarda va qoʻriqxonalarda joylashgan boʻlishi mumkin.
Har qanday glamping ajoyib manzarali xonada dam olishni, goʻzal joylarda sayr qilishni va yaqinlaringiz yoki boshqa dam oluvchilar bilan bemalol muloqot qilishni kafolatlaydi. Mehmonlarga oʻrmonda yoki togʻda sayr qilish, kvadrosiklda yurish, paraplanda uchish taklif etiladi. Mavjud oʻyin-kulgilar roʻyxati shu bilan tugamaydi. Deyarli barcha glamping hududlarida kabob va barbekyu tayyorlash, otda sayr qilish yoki qayiqda sayr qilish, vino yoki asal tatib koʻrish, qoʻziqorin va reza mevalarni terish, ov qilish, kulolchilik ustaxonasida mahorat darslari taklif etiladi – ularning hammasini sanab boʻlmaydi.