Turizm xizmatlarini sertifikatlashtirish sifatni boshqarishning eng muhim mexanizmlaridan biri bo‘lib, xizmatlar darajasini obyektiv baholash va ularning turistlar uchun xavfsizligini tasdiqlash imkonini beradi. Xizmatlarni sertifikatlashtirishni qoʻllash oʻz faoliyati sifatini baholash usullari va mezonlarini belgilaydi hamda turistlar va ekskursantlarga aniq belgilangan normalar va qoidalar doirasida qulayliklar yoki xizmatlar taqdim etilishiga turistlarda ishonch hosil qilish imkonini beradi.
Shu munosabat bilan sertifikatlashtirish haqida bir necha soʻz yuritamiz. “Sertifikatlashtirish” soʻzi lotincha “certus facere” iborasidan kelib chiqqan boʻlib, “biror narsani xavfsiz qilish” degan ma’noni anglatadi. Bu sertifikatlashtirish organi tomonidan obyektlarning belgilangan talablarga muvofiqligini tasdiqlash shaklidir. Turizm xizmatlarini sertifikatlashtirish “Turizm xizmatlarini sertifikatlash markazi” davlat unitar korxonasi tomonidan iste’molchilarga sotilayotgan xizmatlarning standartlashtirish bo‘yicha me’yoriy hujjatlarda belgilangan xavfsizlik va sifat talablariga muvofiqligini tasdiqlashni anglatadi.
Sertifikatlashtirish majburiy yoki ixtiyoriy boʻlishi mumkin. Majburiy sertifikatlashtirishning maqsadi amalga oshirilayotgan xizmatlarning hayot xavfsizligi, turistlar va ekskursantlarning salomatligi, ularning mulki va atrof-muhit muhofazasi talablariga muvofiqligini tasdiqlashdan iborat. Shu bilan birga, turizm xizmatlarining xavfsizligi deganda, yoʻl qoʻyib boʻlmaydigan xavfning yoʻqligi, xizmat iste’molchisi oʻzinig turistik sayohati paytida uning hayoti, sogʻligʻi, mol-mulkiga zarar yetkazilmasligi, shuningdek atrof-muhitga va madaniy-tarixiy obidalarga, shu jumladan turizm xizmatlarini koʻrsatish yoki iste’mol qilish jarayoniga zarar yetkazmaslik tushuniladi. Sertifikatlashtirishning tugallanganligi muvofiqlik sertifikati bilan tasdiqlanadi.
Shu bilan birga shuni unutmasligimiz kerakki, nafaqat sertifikatlashtirish jarayonini takomillashtirish, balki ularni xalqaro talablarga muvofiqlashtirish, shuningdek, xalqaro bozorda ishtirok etuvchi mamlakatlar uchun umumiy bo‘lgan turizm xizmatlari sohasidagi faoliyatga qo‘yiladigan belgilangan talablarni tartibga solish ham muhim ahamiyatga ega.